Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori va bosh shifokori tayinlandi.Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi. O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyruqlariga ko`ra, vazirlik huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining direktori va bosh shifokori lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi. Unga ko`ra, Nadirxanova Natalya Suratovna markaz direktori etib tayinlandi. U 1969 yilda Buxoro viloyatida tug`ilgan. Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Ko`p yillar Buxoro viloyatidagi bir qancha tibbiyot muassasalarida ginekologiya sohasida, jumladan, Buxoro viloyat perinatal markazi direktori lavozimida ham faoliyat yuritgan. II-darajali “Sog`lom avlod uchun” ordeni sohibasi. 2018-2019 yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bosh shifokor muovini hamda 2019 yildan hozirgi vaqtga qadar markaz direktorining davolash ishlari bo`yicha o`rinbosari – bosh shifokor lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining davolash ishlari bo`yicha o`rinbosari – bosh shifokor lavozimiga esa Saparov Aminjon Baxtiyorovich tayinlandi. U 1983 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan. Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan, akusher-ginekologiya sohasida ishlash barobarida ilmiy faoliyat ham olib borgan. Shuningdek, Rossiya Federasiyasining I.I.Mechnikov nomidagi Shimoliy-g`arbiy davlat tibbiyot universitetining aspiranturasini tamomlagan. 2018 yildan buyon markazning bosh shifokori o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Eslatib o`tamiz, ushbu muassasa ilmiy-tadqiqot va uslubiy markaz sifatida yurtimizning barcha turdagi tibbiyot muassasalarida profilaktika, tashhis qo`yish, davolashning eng ilg`or innovasion texnologiyalarini va uslublarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan shug`ullanadi. Markaz akusherlik va ginekologiya sohasida ixtisoslashish turlari bo`yicha tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha klinik va o`quv baza hisoblanadi. Shuningdek, respublika mintaqalarida akusherlik komplekslari va tug`ruqxona bo`limlariga tashkiliy-metodik va ilmiy-amaliy yordam ko`rsatadi. Shuningdek, markazning yangi rahbarlariga sohaga innovasion texnologiyalarni joriy qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, akusherlik va genikologiya bo`yicha erishilgan natijalarni yanada rivojlantirish vazifasi ham yuklatildi. Markazning asosiy maqsadi — yuqori sifatli va xalqaro standartlar talablari darajasida ixtisoslashtirilgan, tibbiy yordam ko`rsatishga da`vat etilgan yuqori texnologiyali moddiy va ilmiy bazani, shuningdek, akusherlik va ginekologiya maktabini shakllantirish va rivojlantirish; aholining akusherlik va ginekologiya sohasidagi diagnostika, davolash va profilaktika bo`yicha ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali tibbiy yordamga bo`lgan talabini qondirishdir. Bundan tashqari, akusherlik va ginekologiya sohasidagi dori-darmonlar, tibbiyot vositalari, shuningdek diagnostika va davolash metodlarining klinik sinovlarini o`tkazadi.
|
15.10.2020 16:14
Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori va bosh shifokori tayinlandi






