Joriy yilning may oyida Andijon shahar Ichki ishlar organlari Faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo`limi xodimlari fuqaro A.Abdukarimovni noqonuniy ushlab turgan holda iqrorlik ko`rsatuvi berishga majburlash maqsadida zo`rlik ishlatib bosim o`tkazishgan. Oqibatda A.Abdukarimov vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi Bosh prokuraturaning O`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga olinib, tergov harakatlari o`tkazilgan, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i.
Tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104 (Qasddan badanga og`ir shikast etkazish), 206 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 227 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast etkazish yoki ularni yashirish), 234 (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda 235 (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash) moddalari bilan ayb e`lon qilinib, 5 nafariga “qamoqqa olish” va 1 nafariga “munosib xulq-atvorda bo`lish to`g`risida tilxat” ehtiyot choralari qo`llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyati sudiga mazmunan ko`rib chiqishlik uchun yuborildi.