AsosiyJamiyat

Prezident 7 ta xorijiy davlat elchilaridan yorliqlarni qabul qildi

'Prezident 7 ta xorijiy davlat elchilaridan yorliqlarni qabul qildi'ning rasmi

Bugun “Ko`ksaroy” qarorgohida xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilishga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklari, Eron Islom Respublikasi, Ukraina, Italiya Respublikasi, Isroil Davlati, Pokiston Islom Respublikasi va Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari Said al-Qamziy, Hamid Nayrobodiy, Nikolay Doroshenko, Agostino Pinna, Zexavit Ben Xillel, Said Ali Asad G`iloniy va Manish Prabxatdan yorliqlarni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari elchilarni O`zbekistondagi diplomatik faoliyatini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi sharafli va mas`uliyatli vazifada katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbirda davlatimiz rahbari diplomatlarga murojaat qilar ekan, tegishli xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama aloqalarning asosiy yo`nalishlari va istiqbollarini qayd etdi.

Xususan, mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklari bilan an`anaviy do`stona va yaqin munosabatlari oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli prinsipial jihatdan yangi bosqichga ko`tarilgani ta`kidlandi.

Bugungi kunda Masdar, Mubadala, DP World kompaniyalari, Abu-Dabi taraqqiyot fondi va boshqalar ishtirokida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirish faol pallaga kirdi. Ular muqobil energetika, infratuzilma, kimyo tarmog`i, qishloq xo`jaligi, transport-logistika sohalarini qamrab olgan.

Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish sohasida dasturlar hamda Orolbo`yida ijtimoiy ahamiyatli loyihalar bajarilmoqda.

O`zbekiston Eron bilan hamkorlikdagi katta salohiyatni ro`yobga chiqarishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Prezidentlar ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlarni kengaytirishga katta e`tibor qaratayotgani ta`kidlandi.

Tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat va qishloq xo`jaligida kooperasiya loyihalarini amalga oshirish, Eron bandargohlari orqali yuk tashishlarni tashkil etish masalalari ayniqsa dolzarbdir. Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida muntazam muloqot olib borilmoqda.

Ukraina mamlakatimizning an`anaviy hamkoridir. Shavkat Mirziyoev keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda faollashuv kuzatilayotganini ta`kidladi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, muhim iqtisodiy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, eksport-import, mashinasozlik, elektrotexnika, farmasevtika, to`qimachilik va agrar tarmoqlarda, ta`lim va sog`liqni saqlash sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari mavjud.

Ulkan iqtisodiy va madaniy salohiyatga ega Italiya mamlakatimizning Evropa Ittifoqidagi asosiy sheriklaridan biri.

Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, ikki tomonlama munosabatlar va ko`p tomonlama hamkorlikni, shu jumladan “Italiya - Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvlari formatida va xalqaro tashkilotlar doirasida mustahkamlab borish zarur.

Savdo-iqtisodiy yo`nalishda Italiyaning etakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, qishloq xo`jaligi, qurilish materiallari tarmog`i va boshqa sohalarda muhim kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik istiqbolli qo`shma loyihalar portfeli tayyorlanmoqda.

Gumanitar sohada oliy ta`lim va madaniy almashinuv borasida muhim dasturlar ilgari surilmoqda.

O`zbekiston va Isroilni an`anaviy sheriklik munosabatlari yaqindan bog`lab turadi. Konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va ilmiy-texnik aloqalarni faollashtirish hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari sifatida qayd etildi.

Yuqori texnologiyalar, energiya va resurslarni tejovchi echimlarni joriy etish, qishloq xo`jaligi, farmasevtika va tibbiyot, ta`lim, turizm sohalarida kooperasiyani kuchaytirish taklif etildi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar hamda siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam o`tkazish, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyatini boshlash ushbu maqsadlarga xizmat qiladi.

O`zbekistonning Pokiston bilan ko`p qirrali hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

O`zbekiston hukumati delegasiyasi yaqinda Islomobod shahriga amalga oshirgan tashrifining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zaro kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama savdo hajmini oshirish borasida, qishloq xo`jaligi mashinasozligi, to`qimachilik va charm sanoatida yangi imkoniyatlar o`rganilmoqda.

Markaziy va Janubiy Osiyoni samarali bog`laydigan transport va tranzit bo`yicha muhim infratuzilma loyihalari tayyorlanmoqda.

Prezidentimiz oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli keyingi yillarda O`zbekiston-Hindiston munosabatlarida erishilgan darajani mamnuniyat bilan qayd etdi.

O`tgan yili Samarqandda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli o`tdi.

Pandemiyaga qaramay, tovar ayirboshlash ko`paymoqda, hududlar va tadbirkorlar darajasidagi jadal almashinuvlar davom etyapti, birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan, Hindiston investisiyalarini jalb etgan holda, ta`lim, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, tibbiyot va farmasevtika sohalaridagi ustuvor loyihalar ilgari surilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti o`z nutqini yakunlar ekan, yangi tayinlangan elchilar o`zlarining faol va sermahsul faoliyati bilan mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo`shishlariga ishonch bildirdi.

Suhbat chog`ida elchilar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etib, O`zbekiston bilan sheriklikda sifatli yangilanishga erishish hamda munosabatlar kun tartibini yangi va aniq mazmun bilan boyitishga bor kuch-g`ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

 

    Boshqa yangiliklar