AsosiyJamiyat

Prezident Toshkentdagi IT-park qurilishini ko`zdan kechirdi

'Prezident Toshkentdagi IT-park qurilishini ko`zdan kechirdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida bo`ldi.

Majmua shou-rumida qurilishi boshlangan binolar, ularda bo`ladigan sharoitlar haqida ma`lumot berildi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning o`quvchilari ishtirokida yaratilgan dasturiy mahsulotlar namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog`istonning Bo`zatov tumanidagi IT-markazda saboq olayotgan bolalar bilan videokonferensaloqa orqali muloqot qildi.

Mutasaddilarga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab bilan hududlardagi axborot texnologiya maktablari integrasiyasini ta`minlash, yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini to`g`ri yo`naltirib, etuk mutaxassislar etib tayyorlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Galdagi bunyodkorlik ishlarining borishi ko`zdan kechirildi.

Mazkur zamonaviy majmua qurilishi o`tgan yili 20 noyabrda boshlangan edi. Bu erda bosqichma-bosqich 17 ta imorat, jumladan, 20-25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa ob`ektlar barpo etiladi. Inshootlar 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli bo`ladi. Er ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi. Majmua hududida kafe va restoranlar, do`konlar, masjid, sport maydonlari, dam olish joylari ham bo`ladi.

Ushbu IT-parkning dastlabki 2 ta binosi foydalanishga topshirilgan. Ularda eng zamonaviy qulayliklar yaratilib, istiqbolli startap loyihalarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha inkubasiya va akselerasiya dasturlari tashkil etilgan. IT-park rezidentlari sifatida ro`yxatdan o`tgan korxonalar 2028 yil 1 yanvarga qadar soliqlar va bojxona to`lovlaridan ozod etilgan.

 

 

    Boshqa yangiliklar