1

Prezident Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko`rdi (foto)

Siyosat 16.10.2020, 19:22
Prezident Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko`rdi (foto)

Avval xabar qilinganidek, bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Yunusobod tumanida barpo etilayotgan Toshkent Arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko`rdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qurilish ishlari joriy yil iyul oyida boshlangan edi. 5 qavatli ikkita o`quv korpusi, 8 qavatli ma`muriy bino va 4 qavatli yotoqxona qad ko`tarmoqda.

Bugungi kunda institutda 5 ming 400 dan ziyod talaba ta`lim oladi. 2020/2021 o`quv yilidan kredit-modul tizimiga o`tish natijasida 18 ta bakalavr ta`lim yo`nalishi va 23 ta magistratura mutaxassisligi ochildi. Bo`lg`usi quruvchilarga zamonaviy bilim berish maqsadida “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yangi yo`nalishlar dasturga kiritildi.

Binolar foydalanishga topshirilgach, talabalarni qabul qilish qamrovi va ta`lim sifati ortadi.

- Oxirgi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasi rivojlandi, katta-katta inshootlar, zavodlar, uylar barpo etilmoqda. Lekin kim loyiha qilyapti, kim quryapti, qanday quryapti, degan savollar ko`ndalang turibdi. Bu erda zamonaviy qurilish industriyasiga mos yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari institut yonidagi 8-avtobus saroyini ham kirib ko`rdi. Bu avtoparkni boshqa joyga ko`chirib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berish, uning o`rnida qurilish materiallari bo`yicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish taklifi bildirildi.

- Bu hudud quruvchilar massivi bo`lishi kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Arxitektura-qurilish institutining murabbiylari, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari va ularning oilalari uchun ijtimoiy ob`ektlar ham barpo etilishi aytildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1