O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining arzon va etarliligi xalq roziligining asosiy omillaridan biri. Buni ta`minlash maqsadida so`nggi 3 yilda oziq-ovqat, chorvachilik, meva-sabzavotchilik va qishloq xo`jaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantirish uchun 28 trillion so`m kredit mablag`lari ajratildi. Birgina chorvachilik yo`nalishida 11 trillion so`mlik loyihalar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasining narx-navoga ta`siri inobatga olinib, joriy yil aprel oyidan boshlab asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi bojxona to`lovlaridan ozod qilingan.
Lekin shunga qaramay, oxirgi vaqtlarda go`sht, tuxum, o`simlik yog`i va shakar mahsulotlarining narxi keskin oshdi. Dunyo bozorida o`tgan 9 oyda o`simlik yog`i 15 foizga, O`zbekistonda esa 26 foizga ortgan. Shakar narxi 5 foizga kamayishiga qaramasdan, yurtimizda 23 foizga qimmatlagan.
Yig`ilishda ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to`ldirish, narx-navo barqarorligini saqlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
– Bugundan barcha choralarni ko`rib, amaldagi tizimni o`zgartirmasak, ertaga qish va bahor oylarida qiyin bo`ladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini ko`paytirib, bozordagi narx-navoni arzon qilsak, odamlarni, ayniqsa, kam ta`minlanganlarni rozi qila olamiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Har bir viloyat, tuman va shahar hokimida hudud aholisining keyingi yil maygacha go`sht, tuxum, un, yog`, shakar, guruch, kartoshka, sabzi va piyozga bo`lgan ehtiyoji, bu mahsulotlarni qachon, qaerdan olish bo`yicha aniq hisob-kitob bo`lishi kerakligi ta`kidlandi.
Har bir hududda oziq-ovqat xavfsizligi bo`yicha alohida jamg`armalar tashkil etilishi belgilandi. Hudud rahbarlari tadbirkorlarni jalb qilib, etishmaydigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini jamg`arma hisobidan boshqa joydan olib kelish yoki import qilishni yo`lga qo`yadi. Bunday tadbirkorlar uchun kredit foizining bir qismi Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash jamg`armasidan qoplab beriladi.
Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari narxini arzonlashtirish maqsadida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mahalliy birjadagi ishtirokini kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.
Toshkent shahrining har bir tumaniga respublikaning muayyan viloyatini biriktirib, qishloq xo`jaligi mahsulotlari rastalari va dala do`konlari tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlari o`z hududida yaratilgan tizim, bozordagi shart-sharoitlar va narx-navo bo`yicha xalqqa hisobot berishi zarurligi aytildi.
Videoselektor yig`ilishida viloyatlar hokimlari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan oyma-oy uzluksiz ta`minlash rejalari yuzasidan hisobot berdi.










