AOKAda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O`rinboeva ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda aholidan tushgan muhim savollarga javob qaytarildi.
❓Mening 3 nafar voyaga etgan farzandim bor. O`zimga tegishli bo`lgan barcha mol-mulkni faqat bir nafar farzandimga vasiyat qilib qoldirmoqchiman. Mazkur holat bo`yicha tushuntirish bersangiz.
— Fuqarolik kodeksining 1120-moddasiga asosan fuqaro o`zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo`yicha merosxo`rlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.
Mazkur moddaning 4-qismida belgilanicha vasiyat qiluvchi qonun bo`yicha merosxo`rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Demak, Siz o`z nomingizdagi barcha mol-mulkni xohlagan farzandingizga vasiyat qilib qoldirishingiz mumkin.