AsosiyJamiyat

Rossiyada ishlash uchun hujjat tayyorlash osonlashtirilmoqda

'Rossiyada ishlash uchun hujjat tayyorlash osonlashtirilmoqda'ning rasmi

Rossiya Ichki ishlar vazirligining «Pasport va viza xizmati» federal davlat unitar korxonasi rahbari S.Mashin boshchiligidagi delegasiya a`zolari O`zbekistonga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 17 avgustda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan o`tkazilgan videoselektor yig`ilishi, shuningdek, 11 sentyabrda qabul qilingan «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qarorida Rossiya Federasiyasi bilan bog`liq bo`lgan mehnat migrasiyasi sohasiga oid muhim vazifalar belgilangan.

Jumladan, Rossiyadagi o`zbekistonlik mehnat migrantlariga munosib sharoitlar yaratish, salohiyatli korxonalarga fuqarolarni tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish bo`yicha aniq kelishuvlarga erishish, ularni kasb-hunar va rus tiliga o`qitishni tashkil etish, Ekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa shaharlarida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakolatxonalarini ochish, Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligining «Pasport-viza xizmati» vakolatxonasini O`zbekistonda ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani, ya`ni patentni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko`rsatish, shuningdek, Rossiyadagi vatandoshlar tashkilotlari bilan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlik va aloqalarni rivojlantirish va boshqa vazifalarni amalga oshirish zarurligi ta`kidlangan edi.

Rossiya Federasiyasida ishlayotgan O`zbekiston fuqarolari bilan bog`liq kompleks masalalarni muhokama qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshlig`i M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari va Ichki ishlar vazirliklari vakillari hamda Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligi «Pasport-viza xizmati» rahbari S.Mashin, Rossiya xalqlar do`stligi universitetining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari A.Kolesnikov ishtirokida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o`tkazilgan uchrashuvda ayni paytda Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va ushbu mamlakatda ishlash istagidagi fuqarolar uchun ko`plab qulayliklar yaratish bilan bog`liq masalalar muhokama etildi.

Uchrashuvda ta`kidlandiki, Rossiya Federasiyasi hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish uchun o`rtacha 20 kundan 30 kungacha vaqt talab etiladi. Bu vaqt oralig`ida fuqaroning ishlashi mumkin emas va tabiiyki, bu jarayon mehnat migrantlari uchun ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi. Endilikda, Rossiya Ichki ishlar vazirligining «Pasport va viza xizmati» hamda Rossiya xalqlar do`stligi universitetining mamlakatimizda vakolatxonalarini ochish orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi, xususan, rus tili, Rossiya qonunchiligi va tarixini o`rgatish va tegishli sertifikat berish ishlari O`zbekistonda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, ketishdan avval tibbiy ko`rikdan o`tish va Rossiya Federasiyasi hududiga kirish uchun taqiq bor-yo`qligini tekshirish imkoniyatini yaqin vaqtda yaratish ham rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda mehnat migrantlari va ularning oila a`zolari uchun O`zbekistonda yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida ham ma`lumot berildi.

Ta`kidlash joiz, Rossiya Federasiyasi va O`zbekiston o`rtasida mehnat migrasiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar o`tkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida joriy yilning 16-29 sentyabr kunlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakillaridan iborat delegasiya a`zolari ushbu mamlakatga tashrif buyurib, vakolatli tashkilot hamda qator ish beruvchi korxonalar bilan kelishuvlarga erishilgan edi.
 

    Boshqa yangiliklar