Hududlarni rivojlantirish uchun 1,5 trln so`m ajratiladi.Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar berdi. “O`zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi (PQ-4864-son, 16.10.2020 y.). Qarorga muvofiq, 2021 yilda O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 17,1 trln so`m, shuningdek, Prezident topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 1,5 trln so`m mablag`lar ajratiladi. Tuman markazlari va shaharlarning me`moriy qiyofasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirishga 2021 yilda 1,4 trln so`m mablag` ajratiladi. Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga ularning byudjetdan tashqari jamg`armalari hisobidan mablag`lar ajratilishi munosabati bilan, ularga yo`naltiriladigan markazlashgan investisiya hajmlari mos ravishda qisqartiriladi. 2022 yildan byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg`armalari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladi. Qarorga ko`ra, 2021 yilda eksperiment tariqasida 10 ta ob`ektga injiniring xizmatlarini ko`rsatish uchun tadbirkorlar jalb etiladi. Xalqaro valyuta jamg`armasi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamkorligida “Davlat investisiyalarini boshqarishni baholash (PIMA)” tizimi sinov tariqasida ayrim tarmoqlarda qo`llaniladi, keyinchalik bosqichma-bosqich keng joriy qilinadi. |
17.10.2020 22:02
Hududlarni rivojlantirish uchun 1,5 trln so`m ajratiladi
