AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini qattiq tanqid qilganiga oid audio tarqaldi

'Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini qattiq tanqid qilganiga oid audio tarqaldi'ning rasmi
 

Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini qattiq tanqid qilganiga oid audio tarqaldi. Bu haqda kun.uz xabar berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari Abduhakim Xadjibaevga tegishli ekanligi ma`lum bo`lgan audioyozuv tarqaldi. Quyida vazir o`rinbosarining Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini koyigan 50 daqiqali audioyozuvdagi eng muhim  iqtiboslarni o`zgarishsiz taqdim etamiz.

“Nimaga kasallik tarixi kasal tushgandan keyin 3 kunlab yozilmay yotibdi?”;

"20 yildan beri vrachlarni qamoqdan qutqarib kelganman, endi fikrim o`zgarmoqda. Vrachlarni qamash kerak deyman, men o`zim ularni qamattiraman, Zangiotadan boshlaymiz";

“Bir oyda bir yillik maoshni olyapsizlar”;

“Bir oyga bitta shu klinikaga 40 mlrd [so`m] ketyapti, o`sha 40 mlrd.ni 90 foizi sizlarning (shifokorlar nazarda tutilyapti) maoshlaring”;

“Hamma kasallik tarixi trafaret, “dnevnik” ham trafaret, chunki u kasalni ko`rmagan, birorta vrach kasalni oldiga kirmagan, ko`rmagan. Chunki hamma kasal bir xil bo`lishi mumkin emas”;

“Moskvadan kelgan professor aytyapti, kasal 7-10 kun yotarkan, belyo [choyshablar, ich kiyim] bir marta ham almashtirilmaydi, deyapti, hech bo`lmasa 3 marta almashtirilishi kerak emasmi?”;

“Meni o`zimga har kuni qo`ng`iroqlar bo`ladi: [kasalni] olib chiqib ketaylik, boshqa joyga o`tkazaylik, deb. Nimaga desam, umuman doktorlar qaramayapti deyishadi”;

“Bir xil raqamli kasallik tarixi 8ta bo`lishi ham mumkinmi?!”;

“Kislorod davleniyasi tushib ketayotgani uchun har kuni bir nechta odam o`lyapti”;

“Hech kim ishdan ketib qutulmaydi, agar kimdir qochaman desa, prokuraturaga beramiz”;

“Kecha va bugun yotgan kasal munosabat o`zgarganini sezishi kerak”;

“Kasalga dori yozib berishinglarni mutlaqo taqiqlayman, dori tugasa, Minzdravga chiqishlaring kerak”;

“Kasalni dori-darmoni tumbochkasida turibdi. Kasal o`zi kelib, o`zi dori ichib tuzalib ketyapti”;

“Ishlatmasdan turib o`g`irlaydi... Hammasi o`g`ri bularning. Afsuski, bu fakt”;

“[Choyshablarni] nima uchun ishlatmayapsan, nima uchun kasal sassiq postelda yotishi kerak, nimaga haftada ikki marta almashtirmaysan?”;

“Sanitarkasiyam ishlamayapti, chunki boshidan sasigan bular”;

“Bo`lim mudiriyam, glavvracham mavjud dorilarni bilmay qo`liga yozib beryapti, bizda ma`lumot bor, signal chiqib yotibdi. Mana bu erda yotibdi antibiotik mingtalab, ikki mingtalab, lekin joyida qo`liga yozib beryapti. Nima uchun yozib beradi?”;

“Balki 30 foizi, balki 50 foizi kislorodga qabul qilishi kerakdir, lekin 100 foizi emas”;

“Xayollaringdan chiqaringlar, bu o`tib ketadigan narsa emas. Yoki tartibga tushasizlar yoki boshqa yo`li yo`q”.

“Men prokuraturaga berishni xohlamas edim. Agarda keskin o`zgarish bo`lmasa, majbur bo`linadi prokuraturaga berishga”;

“Bittayam glavvrachni bo`shatmaysiz... Hammasini bo`yniga qo`yib, undan keyin nima qilish kerakligini aytamiz”;

“Tez yordam [haroratni] o`lchab kelyapti-ku, bu erda nimani o`zgartirasanlar”;

“Aynan seni iyundan beri olgan pulingni qaytartiraman, seni prokurorga beraman, yozgani uchun, o`zida ayb sezmagani uchun...”;

“O`sha “krasniy zona”da ishlaganing uchun 25 mln nadbavka (qo`shimcha pul) beradi. Nima haqqing bor kasalni kirgizmaslikka?!”.

Eslatib o`tamiz, shaxsning o`z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo`lishi tufayli kasb yuzasidan o`z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida odam(lar) o`lishiga sabab bo`lsa, Jinoyat kodeksi 116-moddasining tegishli qismlari bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Shifokorlar ham bu moddaga ko`ra javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Bu masala yuzasidan vazirlik matbuot xizmati rahbari Furqat Sanaev bilan bog`landik va quyidagi izohni oldik:

– Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash nihoyatda jiddiy masala va bu borada qattiqqo`llik muhim rol o`ynaydi. Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari Abduhakim Mo`minovichning so`zlari biroz asabiy va jahl aralashgan tuyilishi mumkin, lekin barchasi asosli e`tirozlar va to`g`ri talablar. Har biri bemorlar tezroq sog`ayishi va xalqimiz manfaati uchun aytilgan. Albatta, yig`ilishda ta`sirchanlikni oshirish uchun biroz mubolag`a yoki po`pisa qilingan bo`lishi mumkin, lekin buning ham o`ziga yarasha sabablari bor.

Eng muhimi, tizim xodimlari bu talablarni to`g`ri tushunadilar va ishga yangicha yondashadilar.

 
 

Boshqa yangiliklar