2020 yil 17 oktyabr kuni Bosh vazir o`rinbosari Behzod Musaev rahbarligida oliy ta`lim muassasalarida o`quv jarayonlarni tashkil etish masalalari muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Yig`ilishda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari Uzoqboy Begimqulov bugungi kunda OTMlarda masofaviy ta`limning olib borilishi monitoringi natijalari to`g`risida, mavjud muammolar va ularning echimlari borasida vazirlik tomonidan ko`rilayotgan choralar haqida ma`lumot berdi.
Muhokamalarda oliy ta`lim muassasalarida an`anaviy ta`limga qaytish imkoniyatlari masalasi ham ko`rib chiqildi hamda OTM rektorlariga bu bo`yicha qator vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, oliy ta`lim tizimida an`anaviy darslarga qaytishda, avvalo, talabalar va ularning ota-onalari o`rtasida so`rovnomalar o`tkaziladi. Shuningdek, OTM tomonidan muassasa imkoniyatlari tahlil qilinadi, sanitariya-epidemiologiya talablari asosida o`quv jarayonlarini tashkil etish, talabalar salomatligini xavf ostiga qo`ymasdan talabalar turar joylari faoliyatini tiklash imkoniyatlari ko`rib chiqiladi.
Bu borada yakuniy qaror oliy ta`lim muassasalari kengashi tomonidan talabalar, ularning ota-onalari takliflarini inobatga olgan holda sanitariya-epidemiologiya xizmati tegishli xulosasi asosida qabul qilinadi.
So`rovnomalar natijalariga ko`ra hamda OTM imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda respublikadagi oliy ta`lim muassasalarida an`anaviy ta`lim shakliga ruxsat etiladi.