AsosiyDunyo

Pokistonda o`n minglab odamlar namoyishga chiqdi. Ular Bosh Vazirning iste`fosini talab qilishmoqda

'Pokistonda o`n minglab odamlar namoyishga chiqdi. Ular Bosh Vazirning iste`fosini talab qilishmoqda'ning rasmi

18 oktyabr kuni Pokistonning Karachi shahrida o`n minglab odamlar namoyishga chiqdi. Ular mamlakat Bosh Vaziri Imron Xonning iste`foga chiqishini talab qilishmoqda. Bu haqda internet manbalarga tayanib Tarjumon xabar berdi.

Mazkur holat Pokistonda so`nggi uch kunda ikkinchi marta takrorlanmoqda. Namoyishchilarning da`volariga ko`ra, Imron Xon 2018 yilgi saylovda g`irromlik qilgan va armiya yordamida hukumat tepasiga chiqib olgan.

O`tgan oyda Pokiston hukumatiga muxolif bo`lgan to`qqiz nafar partiya vakillari “Pokiston demokratik harakati” deb nomlangan tashkilot tuzib, Imron Xonga qarshi tashviqot ishlarini boshlashgandi.

“Siz odamlardan ishlarini va kunlik iste`mol qilinadigan ovqatlarini tortib oldingiz. Fermerlarimiz uyda och-nahor o`tirishibdi. Yoshlarimiz juda xafa” deydi muxolifat rahbari Maryam Navaz Imron Xonga murojaat qilar ekan. U Pokistonda Bosh Vazirlikka uch marta saylangan Navaz Sharifning qizi va siyosiy merosxo`ri hisoblanadi.

Ayni paytda Pokiston iqtisodiyoti qiyin ahvolga tushib qolgan. Bu mamlakatning moliyaviy holati koronavirus pandemiyasidan oldin ham og`ir ahvolda edi. Pandemiya boshlanganidan keyin esa inflasiya ikki baravar o`sdi va iqtisodiy ko`rsatkichlar pasaydi. Muxoliflar buning uchun hukumatni ayblamoqda.

“Inflasiya qashshoq odamlarning belini sindirdi va ularni gadoyga aylantirdi.Hozir hukumat iste`foga chiqishining ayni vaqtidir”, – deydi 63 yoshli namoyishchi Faqir Balloch.

    Boshqa yangiliklar