AsosiyJamiyat

Senat tarkibida yangi qo`mita tuzildi

'Senat tarkibida yangi qo`mita tuzildi'ning rasmi

Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisi kun tartibidan o`rin olgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid faoliyatini yanada takomillashtirish to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi.

Ma`lumki, Orol dengizining qurishi bilan bog`liq ekologik halokat oqibatlari nafaqat O`zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki allaqachon, global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurgan. Orol masalasiga bo`lgan yondashuv aniq natijalarga erishish nuqtai nazaridan tubdan o`zgardi. Qolaversa, davlatimiz rahbari ikki marotaba BMT bosh minbaridan turib dunyo hamjamiyati e`tiborini mazkur masalaga qaratdi.

Orolbo`yi mintaqasi aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilashga yo`naltirilgan 2017–2021 yillarda Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi tasdiqlandi. BMTning Orolbo`yi hududi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazi tashkil etildi. Hududda 2 mln. gektar yashil maydon barpo etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari yaqinda Jo`qorg`i Kenges sessiyasida Qoraqalpog`iston Respublikasini kelgusi uch yilda rivojlantirishning 10 ta ustuvor yo`nalishini belgilab berdi.

Ta`kidlash lozimki, Orol muammosining salbiy ta`sirini yumshatish mazkur ustuvor yo`nalishlarning biri etib belgilandi.

Shuningdek, Prezidentimiz Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi. Vazirlik va idoralar zimmasiga hududni rivojlantirishga doir aniq vazifalar yuklandi. Bu borada parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida urg`u berildi.

Ya`ni Orolbo`yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha belgilangan vazifalar (dasturlar) ijrosini joyiga chiqqan holda o`rganish, mutasaddi vazirlik va idoralarning hisobotlarini bevosita hududning o`zida eshitish amaliyotini yo`lga qo`yish lozimligi ta`kidlandi.

Majlisda senatorlar mazkur tashabbuslarga hamohang ravishda hamda Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirishda parlament ishtiroki va nazoratini kuchaytirish maqsadida Senatda Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo`mitasini tashkil etish, ushbu Qo`mitaning Nizomini tasdiqlash to`g`risida qaror qabul qildi.

    Boshqa yangiliklar