AsosiyJamiyat

O`zbekistonda o`n olti yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqidagi taklifga YHXBB munosabat bildirdi

'O`zbekistonda o`n olti yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqidagi taklifga YHXBB munosabat bildirdi'ning rasmi

meningfikrim.uz jamoaviy murojaatlar portaliga O`zbekistonda o`n olti yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqida petisiya joylashtirilgan edi.

Fuqaro Baqoev Javoxir Yaxyo o`g`li tomonidan joylashtirilgan ushbu taklif yuzasidan IIV YHX Bosh boshqarmasi o`z munosabatini bildirdi. 

Unda aytilishicha, boshqa davlatlarda bo`lgani kabi O`zbekistonda ham haydovchilik guvohnomasi olish uchun bir qancha talablar belgilangan. O`zbekiston Respublikasining “Yo`l harakati xavfsizligi to`g`risida”gi Qonuni talablari asosida ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda “A” toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo`lish uchun 16 yoshga, “V” va “VS” toifaga ega bo`lish uchun 18 yoshga hamda “D” toifaga ega bo`lish uchun esa 21 yoshga (jumladan tramvay va trolleybuslar) to`lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

         Ushbu normalar qaror loyihalari ishlab chiqilish jarayonida xorijiy davlatlarning tajribalari o`rganilib kiritilgan va bu talablar Yo`l harakati to`g`risidagi (1968 yildagi Vena Konvensiyasi) Konvensiya normalariga mosdir

Shuningdek, bayonotda 16 yoshdan haydovchilik guvohnomasini berish tartibi joriy qilingan xorijiy davlatlar misol tariqasida keltirilgan. Misol uchun, Shvesiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Evropa davlatldarida xuddi O`zbekistonning normativ hujjatlarda belgilanganidek 16 yoshda uncha katta bo`lmagan motosikllar(mopedlar)ni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etiladi.

" - 16 yoshli bola hali maktab yoki kasb-hunar kolleji o`quvchisidir. Aynan ushbu yoshdagi bolalar o`qishini davom ettirishi, boshqa ishlar bilan chalg`imasligi, jamiyat uchun foyda keltiradigan bilimli insonlar bo`lib ulg`ayishlari zarur.

16 yoshli bolalarda tirishqoqlik, izlanuvchanlik bilan birga maqtanchoqlik, oliftalik kabi hislatlar ham eng avjiga chiqqan vaqt hisoblanadi. Bu yoshdagi bolalarning transport vositasini o`zboshimchalik bilan boshqarishi salbiy oqibatlar bilan yakun topganligi holatlari uchramoqda.

16 yoshli bolalarda hali “Men” degan fikr so`nmagan bo`lishi, maqtanishni, “oliftalikni” yaxshi ko`rishi, buning oqibatida esa yo`l harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, do`stlariga avtomobilini maqtanish uchun yo`l harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi mumkin, bu esa fojiali oqibatlarga sabab bo`lishi mumkin", deyiladi bayonotda.

 

Ma`lumot uchun,  joriy yilning o`tgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil bo`lmagan haydovchilar tomonidan 612 ta yo`l-transport hodisalari sodir etilgan bo`lib, ularning oqibatida 191 nafar fuqarolarimiz hayotdan bevaqt ko`z yumishgan bo`lsa, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olishgan.

 

    Boshqa yangiliklar