Toshkent shahar IIBB barcha hududiy ichki ishlar organlariga shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga shu yilning 20 oktyabr kuni shaharning Mirobod tumani, “Farg`ona yo`li” ko`chasidan kulrang “Kobalt” rusumli, davlat raqam belgisi 01 V 457 DB bo`lgan transport vositasi olib qochilgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o`tamiz, ushbu ishni sodir etgan gumonlanuvchi kuzatuv kameralariga tushib qolgandi. Murojaatga gumonlanuvchining kameradan olingan fotosurati ham ilova qilingan.
O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent viloyati IIBB YHXB 1-mintaqaviy hudud YPX 1-otryadi YPX inspektori, safdor F.Tosheva ham bu xabarni olib, sinchkovlikni oshirdi. Yo`ldan o`tayotgan transport vositalarini kuzatib, shubhali tuyulganlarini to`xtatib tekshira boshladi. O`zini “qo`lga tushmas” ekanligiga ishongan gumonlanuvchi olib qochilgan avtomobilda xotirjam Chirchiq shahridan o`tar ekan, inspektorning chalgan hushtagi “kapalagini” uchirib yubordi. U bir zumgina dovdirab nima qilishni, qaerga qochishni bilmay qoldi. YPX inspektori F.Tosheva uchun ana shu qisqa lahzalar kifoya qildi. U hamkasbi, safdor S.Umarovni yordamga chaqirdi. Birgalikda olib qochilgan transport vositasini va gumondorni qo`lga tushirishdi. Gumondor va transport vositasi shahar IIBga olib borib topshirildi.
Endilikda gumondor o`z qilmishiga yarasha qonun oldida javob beradi.






