Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalarda ba`zi dori-darmonlarning sun`iy ravishda oshirilgan narxlarda sotilishi to`g`risida iste`molchilarning shikoyatlari bilan bog`liq bir qator vidoroliklar keng tarqaldi. Bu videolardagi holat bo`yicha Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi munosabat bildirdi.
O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi iste`molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bo`yicha vakolatli davlat organi sifatida ijtimoiy tarmoqlarda yolg`on va soxta ma`lumotlar tarqalishini oldini olish maqsadida o`tkazilgan bir qator o`rganishlar natijasida mazkur video haqiqatga mos kelmasligi aniqlandi.
1.VIDEO (“Insoflaringni ham qo`shib sotyapsanlarmi?..” “Odamlar o`lib ketsinmi? Puli yo`q bo`lsa nima qiladi?.. (Farg`onada fuqaro dorining qimmatligidan shikoyat qilib Aptekada janjal ko`tardi)
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Farg`ona viloyati hududiy tuzilmasi xodimlari tomonidan ushbu masala o`rganilganda, «Malxam XD» dorixonasida (Farg`ona shahar, A.Navoiy ko`chasi, 56-uy, 17-xonadonda joylashgan) «FARMA ChOYS» XKdan ulgurji 177 171 so`m narxda sotib olingan Enterosgel dori vositasi ruxsat etilgan 20 foiz ustama doirasida, ya`ni 12,6 foiz ustama narx o`rnatilgan holda sotilayotganligi aniqlandi.
Bu holatda preparatning narxi sun`iy ravishda ko`tarilganini tasdiqlovchi faktlar aniqlanmagan.
Shunday qilib O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi PQ-2647-sonli qaroriga muvofiq chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo`llanilgan holda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan davlat va ishlab chiqaruvchiga qarab, bir xil turdagi tibbiyot mahsulotlarining narxi farqlanishi mumkin.
Shuni ta`kidlash lozimki, haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlarni tarqatilishi COVID-19 pandemiyasi davrida jamoatchilikning salbiy tushunchasini shakllanishiga sabab bo`lmoqda.
Agentlik tomonidan dori vositalari, shu jumladan viruslarga qarshi, immunitetni oshirish va boshqa davolash vositalari narxini asossiz oshib ketishini oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, dori vositalari, shu jumladan viruslarga qarshi, immunitetni oshirish va boshqa davolash vositalari narxini oshib ketishini oldini olish maqsadida,
-respublika hududlaridagi 7 mingdan ortiq dorixonalarda tushuntirish-profilaktika ishlari amalga oshirildi, ularda belgilangan savdo ustamalariga qat`iy rioya qilish, dori vositalariga bo`lgan sun`iy tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirmaslik, lisenziya talablariga amal qilmaslikning huquqiy oqibatlari to`g`risida tegishli tushuntirish va rasmiy ogohlantirish xatlari berildi.
-Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali 114 ta materiallar joylashtirildi, aholi talabi yuqori bo`lgan dori vositalarini dorixonalarda mavjudligi va ularning chakana narxlari yuzasidan 3 mingta dorixonalarda monitoring kuzatuvlari o`tkazildi.
-Agentlik tomonidan iste`molchilardan dori vositalari narxi yuzasidan kelib tushgan 200 ta murojaat ko`rib chiqildi, ijtimoiy tarmoqlarda dori vositalari va biologik faol qo`shimchalar reklamasidagi 86 ta kamchilik bartaraf etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy bo`linmalari tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar va fuqaro murojaatlari asosida 140 ta dorixonada tekshirish va o`rganishlar o`tkazilgan. Shundan, 30 tasida belgilangan ustamalarni 20 foiz o`rniga 93 foizgacha qo`llanilganligi, 17 ta holatda yaroqlilik muddati o`tgan, ro`yxatdan o`tmagan va kirim hujjati mavjud bo`lmagan dori vositalarini realizasiya qilish, 18 ta holatda lisenziyasiz faoliyat va boshqa kamchiliklar aniqlangan.
Qonunbuzarlik holatlari aniqlangan jami 28 ta dorixonaga ish qo`zg`atilib, ortiqcha olingan 2,8 mln so`m mablag` iste`molchilarga qaytarilgan va lisenziya shartlarini qo`pol ravishda buzganligi holati bo`yicha hujjatlar lisenziyalovchi organga yuborilgan.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi iste`molchilarning savodxonligini va aholining xabardorligini oshirish maqsadida muntazam ravishda dori-darmonlarning maksimal chakana narxlarini hisoblab chiqadi va ommaviy axborot vositalarida e`lon qilib boradi.
Shuningdek, ulgurji omborlarda dori vositalarining mavjudligi va balanslari hamda ularni kelgusida etkazib berish prognozlari, shuningdek, dori vositalari bilan ta`minlash darajasini(etkazib berish hajmining o`sishini) oshirish maqsadida o`ranilmoqda.
Iste`molchilar, huquq va manfaatlari buzilgan taqdirda Agentlikning 1159 hamda consumer.uz.saytiga murojaatingizni qoldirishi mumkin.






