So`nggi vaqtlarda aksariyat reklama vositalari, jumladan internet, ijtimoiy tarmoqlar va telegramm kanallar orqali berilayotgan koronavirus infeksiyasini (COVID-19) davolash va profilaktika qilish uchun mo`ljallangan biologik faol qo`shimchalar reklamasi joylashtirilmoqda.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ana shunday biologik faol qo`shimchalardan biri “NOVITAM LIFE” reklamasi qonunga zid ravishda joylashtirilganligini ma`lum qildi.
Aytilishicha, ushbu mahsulotning reklamasida “Koronavirusni davolash va oldini olishdagi samarali vosita, ionlashtirilganligi sabab hujayraga oson va qulay kirib, tanaga tarqaladi va davolaydi. Shuning uchun ekstraktni qabul qilsangiz tez kun ichida koronavirus dardidan forig` bo`lasiz” mazmunida axborotlar berilgan.
Reklamani joylashtirish to`g`risidagi Nizomga asosan (ro`yxat raqami 1024, 06.04.2001 y.) esa biologik faol qo`shimchalari (BAD) reklamasiga qo`yilgan quyidagi talablarda:
- uning davolash uchun kompleks muolajani talab qiladigan kasalliklarni tuzatishi yoki uni oldini olishi qayd etilmasligi, reklama qilinayotgan ushbu mahsulotlar iste`molchining tasavvurida dori vositasi ekanligi va u davolash xususiyatiga ega ekanligi singdirilmasligi kerak.
Shu asosda agentlik “NOVITAM LIFE” biologik faol qo`shimchalar (BAD) reklamasi amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda joylashtirilganini ma`lum qilgan.
"- Birinchidan, ushbu biologik faol qo`shimchasi iste`molchining tasavvurida dori vositasi ekanligi va u davolash xususiyatiga ega ekanligi singdirilmoqda, vaholanki bunday kasalliklarga faqatgina shifokor ko`rigi va tegishli tahlillar yordamida dori vositalari bilan qarshi kurashish mumkin. Shu munosabat bilan, reklama beruvchi va tarqatuvchilar tomonidan amaldagi reklama to`g`risidagi qonun hujjatlari talablariga to`liq amal qilmayotganliklari ma`lum bo`lmoqda.
Ikkinchidan, reklamada qo`llanilgan “koronavirusni davolash va uning oldini olishdagi samarali vosita, ionlashtirilganligi sabab hujayraga oson va qulay kirib, tanaga tarqaladi va davolaydi. Shuning uchun ekstraktni qabul qilsangiz tez kun ichida koronavirus dardidan forig` bo`lasiz” iborasi umuman (ilmiy, amaliy) asoslanmagan, ya`ni noto`g`ri reklama hisoblanadi.
Bugungi kunda, Agentlik tomonidan reklama qilingan mazkur mahsulotning xususiyatlarini haqiqatga mosligi yuzasidan o`rganib berish uchun O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga murojaat kiritildi.
Ma`lumot tariqasida: Agentlik tomonidan amalga oshirilgan monitoring natijalarida 130 dan ortiq dori vositalari va biologik faol qo`shimchlar reklamalaridagi qonunbuzilishlar bartaraf etildi.
Hurmatli iste`molchilar, huquq va manfaatlaringiz buzilgan taqdirda Agentlikning 1159 hamda consumer.uz.saytiga murojaatingizni qoldirishingiz mumkin," deyladi agentlik xabarida.






