2020/2021 o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalari talabalariga to`lov-kontrakt miqdorlarini o`quv yili davomida teng ulushlarda to`rt bo`lib to`lash imkoniyati berildi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Talabalar kontrakt pulini to`rt bo`lib, quyidagi muddatlarda amalga oshirishlari mumkin:
➖belgilangan to`lov miqdorining kamida 25 foizini talabalikka tavsiya etilgan abiturientlar uchun 15 sentyabrgacha yoki O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalar uchun 1 oktyabrgacha yoki oliy ta`lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatgacha;
➖belgilangan to`lov miqdorining kamida 50 foizi 1 yanvargacha, 75 foizi 1 aprelgacha va 100 foizi 1 iyulgacha yoki oliy ta`lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatlargacha;
➖xorijiy fuqarolar uchun oliy ta`lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan muddatlargacha;
➖ tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abiturientlarga o`quv yilining birinchi yarmi uchun to`lovlarni amalga oshirish muddati va miqdorlari O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi tomonidan va qolgan qismi oliy ta`lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan muddatlargacha amalga oshiriladi.






