Ikki davlat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari o`rtasida tuzilgan “Ishchilarni Bandlikka ruxsat berish tizimi asosida” ishchi kuchini Koreya Respublikasiga yuborish to`g`risida”gi Anglashuv Memorandumiga muvofiq, 20-29 oktyabr kunlari o`tkazilayotgan maxsus test imtihonida 1607 nafar fuqaro ishtirok etishi rejalashtirilgan. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, bugungi kungacha Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida karantin qoida va talablariga rioya qilgan holda 500 dan ziyod fuqaro test imtihonini topshirgan.
Xabarda maxsus test imtihoni o`tkazilayotgan maxsus xonada korrupsiya holatlarini oldini olish, shaffoflik va ochiqlikni ta`minlash maqsadida videokuzatuv kameralari o`rnatilganligi, test jarayoni Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati mas`ul xodimlari tomonidan nazorat qilinayotganligi aytilmoqda.
" -- Fuqarolar uchun test jarayonlarini onlayn tarzda kuzatish imkoni yaratilgan.
IIB va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mas`ul xodimlari testga kiruvchilarni tegishli hujjatlari, fuqarolik pasportlarini tekshirmoqda. Afsuski, ba`zi noqonuniy xatti-harakatlar, ya`ni test qatnashchilari imtihonga o`z o`rniga o`zga shaxslarni kiritishga bo`lgan urinish holatlari kuzatilmoqda. Agentlik va IIB xodimlari hamkorligida 21 oktyabrda 8 nafar, 22 oktyabrda 2 nafar fuqaro imtihonga o`zga pasport bilan kirishga uringani aniqlandi. Imtihonga kirishga uringan shaxslar tegishliligi bo`yicha tuman IIB xodimlariga topshirildi.
Yuqoridagi kabi tartibbuzarliklarni amalga oshirgan fuqarolar hamda fuqarolik pasporti egalari Koreya Respublikasining talabiga binoan test imtihoniga 2 yil muddatgacha kiritilmasligi haqida eslatib o`tamiz.
Fuqarolardan maxsus test imtihoni tartib qoidalariga qat`iy tartibda rioya qilishlarini so`raymiz.
Maxsus test imtihoni jarayonida har qanday tanish-bilishchilik, korrupsiya holatlari ro`y bergan yoki bu bo`yicha ma`lumotga ega bo`lgan fuqarolar zudlik bilan Agentlikka (71) 202-33-55 yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz mumkin," deyiladi xabarda.






