Joriy yilning 21 oktyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a`zo davlatlar Vazirlarining qishloq xo`jaligi masalalari bo`yicha beshinchi yig`ilishi videokonferensiya ko`rinishida tashkil etildi, deya xabar bermoqda Qishloq xo`jaligi vazirligi Matbuot xizmati.
Muloqotda koronavirus pandemiyasining jahon iqtisodiyotiga salbiy ta`sirini yumshatish, qishloq xo`jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun ko`rilayotgan choralarni muhokama qilishdi. Global muammoga qarshi turish birgalikdagi muvofiqlashtirilgan sa`y-harakatlarni talab etishi ta`kidlab o`tildi.
Yig`ilishda ShHT Bosh kotibi V.Norov, ShHT Bosh kotibi o`rinbosari Sh. Djonon, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori o`rinbosari – Evropa va Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakili V. Raxmanin, O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vaziri J. Xodjaev, Rossiya Federasiyasi qishloq xo`jaligi vaziri D. Patrushev, Hindiston Qishloq xo`jaligi va fermerlar farovonligi Davlat vaziri P. Rupala, Qozog`iston Qishloq xo`jaligi vaziri S. Omarov, Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xo`jaligi vaziri o`rinbosari Ch. Taolin, Qirg`iziston Qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat sanoati va meliorasiya vaziri E. Choduev, Pokiston Islom Respublikasi milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlar vaziri S. Imam, Tojikiston Qishloq xo`jaligi vaziri A. Salimzoda ishtirok etdi.

Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev o`z nutqida qishloq xo`jaligi sohasini yanada rivojlantirishda ShHTga a`zo davlatlarning birdamligi va hamkorlikdagi sa`y-harakati o`z samarasini berayotganini bildirdi.
- Biz ShHT davlatlarining texnologik salohiyatidan foydalanish bo`yicha hamkorlikni yo`lga qo`yish, ilmiy tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlarini moliyalashtirish, kadrlarni tayyorlash, zarur infratuzilmani yaratish uchun ochiqmiz. COVID-19 pandemiyasi faoliyatimizga sezilarli o`zgarishlar kiritdi. Dunyo bo`ylab qishloq xo`jaligi yangi ish sharoitlariga moslashishiga to`g`ri kelmoqda. Ko`rib turganimizdek, hech bir davlat chetda turgani yo`q. Tanglik holati hammaga, jumladan, ShHT davlatlariga ham o`z ta`sirini ko`rsatdi. Jahonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo`yicha mislsiz choralar ko`rilmoqda. So`zsiz, bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi davlatlar milliy xavfsizligining muhim elementi hisoblanadi. Respublikada meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida meva-sabzavot etishtirishga ixtisoslashtirilgan kooperativlar va klasterlar mexanizmlari keng joriy etilmoqda. Ayni damda O`zbekistonda ishlab chiqarish va ilm-fan integrasiyasini ta`minlash, qishloq xo`jaligi sohasida yangi bilim va innovasiyalar tizimini joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. ShHT va FAO o`rtasida 2019 yilda imzolangan Memorandum 2030 yilgacha bo`lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasidagi Kun tartibiga muvofiq hozirgi va bo`lajak avlodlar uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va qishloq xo`jaligini rivojlantirishga qaratilgan sa`y-harakatlarni birlashtirish jarayonida muhim siljish bo`ldi.Aholining barcha qatlamlarini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash eng muhim vazifa hisoblanadi. Qisqa muddatda barcha davlat va jamoat resurslarini safarbar etishga erishdik. Barcha davlat va xo`jalik boshqaruvi bo`g`inlarining yaqin va muvofiqlashtirilgan hamkorligi ta`minlandi. Global epidimiologik vaziyat masalalari bo`yicha xalqaro hamjamiyat, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini tezkor hal etish bo`yicha bizga qo`shni mamlakatlar bilan samarali muloqot yo`lga qo`yildi. Biz pandemiya sharoitida mintaqa davlatlarining oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qishloq xo`jaligidagi sa`y-harkatlarini muvofiqlashtirish yo`llarini muhokama qilib oldik. Mahalliy hukumat organlari bilan birgalikda pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat bilan ta`minlash, barqaror bozor narxlarini saqlab turish, shuningdek eksportni va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo`yicha dastur tayyorlandi.
ShHTga a`zo-davlatlar hukumatlari o`rtasida 2010 yil 11 iyun kuni Toshkent shahrida imzolangan qishloq xo`jaligi sohasidagi Kelishuvni amalga oshirish bo`yicha 2021-2025 yillar uchun chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, tomonlar turli istiqbolli yo`nalishlar bo`yicha, jumladan, qishloq xo`jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat savdosini kengaytirish, agrosanoat majmuiga investisiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, birgalikdagi ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni o`tkazish, qishloq xo`jaligiga oid innovasiyalarni tatbiq etish, ko`rgazma-yarmarka faoliyatini faollashtirish bo`yicha qishloq xo`jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradi.
Bundan tashqari, delegasiyalar rahbarlari 2018 yil 12 oktyabrda Dushanbe shahrida imzolangan ShHTning Oziq-ovqat xavfsizligi bo`yicha hamkorlik dasturini amalga oshirishga qaratilgan Rejani tasdiqlashdi. Mazkur rejaga ko`ra, ShHTga a`zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga umumiy yondashuvini ishlab chiqish, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida vaziyat yuzasidan ixtiyoriy axborot almashinuvini amalga oshirish, ushbu mavzuga doir, jumladan, tajriba almashish va malaka oshirish bo`yicha umumiy tadbirlar o`tkazish ko`zda tutilgan.
Xitoylik vakillarning agrar texnologiyalar almashinuvi va o`qitish bo`yicha ShHT Ko`rgazmali bazasini yaratishga oid tashabbusi qo`llab-quvvatlandi. Ko`rgazmali baza Xitoyning Shensi viloyatidagi Yanlin ko`rgazma zonasi asosida ta`sis etilgan qishloq xo`jaligi uchun texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish maydonini rivojlantirishni ko`zda tutadi.
Shu bilan birga delegasiyalar rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkilotining (FAO) 2020-2023 yillarga mo`ljallangan hamkorlikdagi harakatlari rejasi bo`yicha ShHT Kotibiyatining ma`lumotlari bilan tanishishdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT)ga a`zo davlatlar Vazirlarining qishloq xo`jaligi masalalari bo`yicha beshinchi yig`ilishi yakuni bo`yicha kelishuv imzolandi.







