Buxoro viloyatida YPX inspektorlarining «to`xtash» ishorasiga bo`ysunmay, ulardan qochib, tezlikni oshirgan haydovchi yo`l chetida koptok o`ynab turgan yosh bolani urib yubordi. Bu haqda «Daryo»ga viloyat IIB YHXB axborot xizmati rahbari Ulug`bek Shukrullaev ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, 2020 yilning 19 oktyabr kuni viloyat IIB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari Kogon shahri va tumani kesishadigan A-380 avtomobil yo`lining Chorobod chorrahasida xizmat olib borayotgan bo`lgan. Soat taxminan 16:30 da yo`l harakati qoidasini buzgan holda harakatlanib kelayotgan qora rangli, «Volga» rusumli 80 U 248 HA davlat raqam belgili transport vositasiga to`xtash ishorasi berilgan. Ammo mazkur transport vositasini boshqarayotgan haydovchi P.R. YPX inspektorining qonuniy talabiga bo`ysunmay, harakatlanishda davom etgan.
Shundan so`ng YPX inspektori tomonidan aloqa vositasi yordamida ushbu yo`nalishda xizmat olib borayotgan barcha xodimlar ogohlantirilgan. Mazkur transport vositasini to`xtatish lozimligi to`g`risida xabar berilgan.
Transport vositasini boshqarayotgan haydovchi dastlab Kogon shahar Amir Temur ko`chasi bo`ylab harakatlanib, yo`nalishini Elobod ko`chasining tor yo`li tomon o`zgartirgan. Ushbu ichki tor yo`lda voyaga etmagan bolalar koptok o`ynab turganini ko`rib ham tezlikni pasaytirmagan. «Volga» haydovchisi ehtiyotsizlik oqibatida voyaga etmagan bolalardan birini urib yuborib, unga tan jarohati etkazgan. Haydovchi jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko`rsatmay, harakatlanishda davom etgan. Asosiy yo`lga chiqqan vaqtda Amir Temur ko`chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektorini ko`rib, ushbu inspektorning ham to`xtash ishorasiga bo`ysunmagan. Amir Temur ko`chasidan Vatanparvar ko`chasiga burilib, oxiri berk ko`chaning tugash joyida avtomashinani tashlab qochgan.

«YPX xodimi bizga qonuniy to`xtash ishorasini berdi. Hujjatlarimiz yo`qligi sabab to`xtamadik. Sherigimda haydovchilik guvohnomasi bo`lmagani uchun men boshqarib kelayotgan edim. Bir bolaning oyog`ini bosib oldim. Shu sababli qo`rquvimiz yanayam oshdi. O`sha paytda o`zimni yo`qotib qo`ygandim», — deydi fuqaro P.R.
Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur haydovchining yonida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma bo`lmagan. Shu sababli inspektorning to`xtash ishorasiga bo`ysunmay harakatlanishda davom etgan.
«Fuqaroning avtomashinasini quvib ushlash yoki kuzatuv harakatlari olib borilmaganligi aniqlandi. Shuningdek, hodisa sodir bo`lgan joyda chaqiruv asosida tergov tezkor guruhi va tez tibbiy yordam xizmati o`z vaqtida etib kelib, mazkur holat belgilangan tartibda ro`yxatga olingan va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan», — deydi Ulug`bek Shukrullaev.
Ayni paytda holat bo`yicha Kogon shahar IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari va viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda.






