Sal avval saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Xorazmda hokim o`rinbosari va IIB mas`uli noqonuniy ov qilgani haqidagi xabarlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo`ldi. Iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumaev ham bu borada o`z fikr-mulohazalarini bildirdi:
"O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari” tasdiqlangan.
Mazkur Odob-axloq qoidalari huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, davlat xizmatchilarini yuksak huquqiy ong, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga qat`iy rioya qilish ruhida tarbiyalashga yo`naltirilgan. Lekin, ayrim vaqtlarda shunday voqea-hodisalar ham yuz berayaptiki, kishini taajjubga soladi.
Biz bejiz so`zimizni odob-axloq qoidalari bilan boshlamadik. Zero, davlat xizmatchilarining etikasi, ularning nafaqat o`zi mehnat faoliyatini olib borayotgan tashkilotda ish vaqtidagi, balki xizmat vazifalarini bajarishdan xoli bo`lgan paytdagi xulq-atvori ham tushuniladi. Shundan kelib chiqib, davlat xizmatchisi hisoblangan rahbarlar qonunchilikda belgilangan normalarga, umuminsoniy axloq prinsiplariga og`ishmay rioya etishlari lozim.
Ko`p hollarda ba`zi rahbarlar psixologiyasida ularning vakolatlari «cheksiz»dek salbiy hissiyot paydo bo`lishi mumkin. Bu negativ voqe`lik bora-bora qonunga itoatsizlik va boshboshdoqlikka olib kelishi mumkin. Mazkur jarayon rahbar etikasining inqirozi bo`libgina qolmay, belgilangan qonunchilikka itoatsizlik hamdir.
Biz ko`rib chiqayotgan vaziyatda hokimiyat organlari xodimlari xizmat vazifalarini bajarishda davlat prinsiplari va talablariga qat`iy rioya etish zaruratini unutgan ko`rinadilar. Vaj sifatida ko`rsatilayotgan xizmat doirasidagi harakatlarini qonun hujjatlarida va ichki hujjatlarda belgilangan lavozim vakolatlari doirasida amalga oshirishganida edi, yuzlari shuvut bo`lmasmidi. Balki, bu voqealar rivojida normativ-huquqiy hujjat va idoraviy hujjatlarda belgilangan cheklashlar va taqiqlarga rioya qilishni yoddan chiqarishgandir.
Haqli savol tug`iladi: 6 ta ov quroli, 105 ta o`q-dori shaxsiy edimi yoki maishiy ehtiyoj uchun ishlatilgan xarajat soliq to`lovchilar hisobidan bo`ldimi? Bularning savollarga oliy sudlovdan so`ng aniq ma`lumot olamiz, albatta. Lekin, masalaning ma`naviy va ijtimoiy tomoni borki, bu vijdon oldida qanday oqlanadi.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, har bir davlat xizmatchisi va fuqarolar o`ylanmay qilingan bu kabi harakatlar yangilanayotgan O`zbekiston obro`siga salbiy ta`sir etishini mushohada qilib ko`rish kerak bo`ladi.
Chuqur bilimli, professional ko`nikmalarga ega davlat xizmatchisi ham ma`nan, ham axloqan fuqarolarga o`rnak bo`lmas ekan, xalq bu rahbar kadrni tan olmaydi. Shuning uchun ham barcha bo`g`indagi rahbarlar o`zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o`rnak va namuna bo`lishi zarur.






