1

Andijonda o`quvchi maktabga ro`molda kelgani uchun direktor uni "qamataman" deb qo`rqitganini aytmoqda. Vazir holatga munosabat bildirdi (video)

Jamiyat 26.10.2020, 08:51
Andijonda o`quvchi maktabga ro`molda kelgani uchun direktor uni "qamataman" deb qo`rqitganini aytmoqda. Vazir holatga munosabat bildirdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 25-maktab direktori ro`mol o`ragan o`quvchi qizni “qamataman”, deya qo`rqitgani to`g`risidagi xabar tarqaldi.

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov mazkur voqea xususida fikr bildirdi. Bu haqda "kun.uz" yozdi. Vazirning so`zlariga ko`ra, ro`mol o`ragan qizni “qamataman” deb tahdid qilish ahmoqlikdir. 

«Bu masalani o`rganish kerak. Faqat bir kishining gapi olinmasligi lozim.

Ikkinchidan, qaysi qonunda yozilgan ekan ro`mol uchun qamaladi degan gap? Bu ahmoqona gap. Bu masalani o`rganib chiqishgan. Izboskan tumani hokimligi bunga munosabat bildirgan.  

Joylarga boramiz, «mana bu o`qituvchiga ish bermayotgan ekan», deb gapirishadi. Agar o`sha o`qituvchi bilan gaplashib ko`rsangiz, uni umuman maktabga yaqinlashtirish kerak emasligi ma`lum bo`ladi. Chunki ertaga asabiy holatda bolani urib mayib ham qilib qo`yishi mumkin. Shuning uchun bitta tomonni olib shov-shuv qilib, bu tomonni aytib bo`lmaydi. Vaziyatni to`liq o`rganish kerak.

Biz huquqiy jamiyat qurishga harakat qilyapmiz. Noqonuniy harakat qilgan bo`lsa sud ham, prokuratura ham bor. Ya`ni hamma narsa qonun doirasida hal qilinishi kerak. Lekin hech kim, hech qaerda o`qituvchiga «o`quvchini qamataman degin» deb ko`rsatma bermagan», degan xalq ta`limi vaziri.

Ushbu holat bo`yicha Izboskan tumani hokimligi munosabatida qamatish bilan tahdid qilgani aytilgan maktab direktori 23 oktyabr kuni farzandini uylantirish maqsadida to`y marosimi o`tkazgani, tuman xalq ta`limi bo`limi mudiridan ishga chiqmaslik uchun ruxsat so`ragani va videomurojaat tarqalgan kuni ish joyida bo`lmagani qayd etilgan.

«Qizning onasi bilan suhbat o`tkazilganda ona karantindan avval farzandi diniy libosda emas, zamonaviy liboslarda yurganligi bo`yicha maktab ma`muriyati e`tiroz bildirganligini, yoz mavsumidan boshlab qizining kiyinish uslubi o`zgarganligini, ijtimoiy tarmoqqa qo`yilgan videomurojaatdan esa xabari yo`qligini ta`kidlagan.

Bundan tashqari, suhbat jarayonida o`quvchi qiz astronomiya fani o`qituvchisi dars jarayonida unga maktab formasiga rioya qilishini, milliy mentalitetga mos uslubda kiyinish lozimligini aytganligini, lekin qizga libosi sabab qamatish yoki shunga o`xshash choralar qo`llash bo`yicha bosim bo`lmaganligini ta`kidlagan. Shuningdek, o`quvchi qiz maktab direktorini videomurojaat tarqatgan kuni ko`rmaganligi va gaplashmaganligini, murojaat qilayotgan vaqtida hissiyotga berilgan holda qamatish bo`yicha gap-so`zlarni qo`shib yuborganligini bildirgan», deyilgan hokimlik munosabatida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1