Ijtimoiy tarmoqlarda Bo`ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitovaning ovozi ekani aytilayotgan audio tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan munosabat bildirgan Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, audioyozuv yuzasidan o`rganish ishlari amalga oshirilgan. Aniqlanishicha, haqiqatdan ham audio yozuv Bo`ston tumani hokimi S.Mamitovaga tegishli ekanligi, tumandagi soya etishtiruvchi fermerlarning soya etishtirish va uni yig`ib olishdagi mas`uliyatsizligi oqibatida tumanda ushbu ekin hosilini yig`ishtirib olish ishlari bir muncha ortga surilganligi ma`lum bo`lgan.
Shu sabab tuman hokimi fermerdan nega soya hosilini o`z vaqtida yig`ib olmasdan, ekinni korchyovka qilib, yulib tashlashganligiga izoh so`ragan.
Tumanda soya o`simligini etishtirish va uni yig`ib-terib olishda sustkashlik qilayotgan hamda o`z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan fermerlarning faoliyati tuman hokimining e`tirozlariga sabab bo`lgan.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, tarqalgan audioyozuv uchun Bo`ston tumani hokimi S.Mamitovaga viloyat hokimligi tomonidan “ogohlantirish” berilgan.
Ma`lum qilinishicha, tumanda 108 ta g`alla va paxta etishtiruvchi fermer xo`jaliklariga jami 36.5 tonna soya o`simligi ekish va etishtirish (500 gektar ochiq maydonga, 300 gektar g`oza qator orasiga) belgilangan.






