...Panji hash-pash deguncha 53 yoshni ham urib qo`ydi. Ortiga bir nazar tashladi. Afsuski odamlar havas qilgulik ishlarni shu kungacha amalga oshirmaganiga amin bo`ldi. Shu yoshgacha bir necha bor sudning qora kursisida o`tirishga “muvaffaq” bo`ldi. Ehhe, shu paytgacha u ne-ne sudlarni ko`rmadi. Qashqadaryoda ham, Toshkentda ham, Surxondaryo-yu Navoyida ham sudlanib chiqqan.
“Baliq ovi”
Panji may oyida Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan Respublika Neyroxirurgiya Ilmiy markaziga bordi. Tuzgan rejasiga ko`ra u bu erdagi sodda odamlarni chuv tushirmoqchi bo`ldi. Bu gal uning tuzog`iga o`sha erdagi fitobarda ishlaydigan Durdona ilindi. Panji u erga kirib, ovqatlanib, qizga yaxshi gapirib yurdi.
—Ismim Zokir. Chinoz tumanida yashayman. Baliqchilik fermam bor. Bir oyga 11 million daromad topaman. Fitobarda ishlab arzimagan maosh olsangiz kerak-a! — deb qoldi bir kuni Panji.
—Qora qozonimiz qaynab turibdi. Nolimayman, — dedi Durdona.
—Xohlasangiz, fermamga ishga o`ting. Maoshingizni ko`nglingizdagidek qilib beraman.
—O`ylab ko`raman, — dedi Durdona unga havasi kelib.
“Jiyanimni operasiya qilishmoqchi”
Ertasi kuni Panji qizning ishonchiga kirish uchun 2 kg baliq va banan tashlab ketdi. Qiz bu hotamtoydan xursand bo`ldi. Indiniga esa Panji “otini qamchiladi”.
—Durdonaxon, menga “srochniy” 700.000 so`m pul zarur bo`lib qoldi. Iltimos topib bering. Jiyanimni operasiya qilishmoqchi. Chinozdagilar 2 soatdan so`ng menga pulni etqizishadi. Olib kelgan zahotiyoq pullaringizni qaytaraman.
Qiz uning garlariga ishonib yonida bo`lgan 200.000 so`m pullarni unga berdi. Dugonasi Shodiyaga qo`ng`iroq qilib, 500.000 so`m olib kelishini iltimos qildi. Dugonasi olib kelgan pulni Panjining qo`llariga tutqazdi.
—Manavi pulga mening nomimdan ko`ylak olib kiyasiz, —deya qo`lidagi pullardan 50.000 so`mini Durdonaga uzatdi Panji. —Manavini esa paynetdan telefoningizga pul o`tqizasiz, —deya Shodiyaga 5.000 so`m berdi-da tezda bu erni tark etdi.
Durdona ikki soatdan so`ng ahvol so`rash maqsadida Panjiga qo`ng`iroq qildi. Afsuski uning telefoni o`chiq edi. Qiz shundagina aldanganini bilib qoldi...
Oqibatsiz hamxona
....Jo`shqin tanishi Umrbek bilan birga davolanish uchun poytaxtdagi Travmatologiya shifoxonasiga kelishdi. Davlat statistika yotoqxonasidan xona olib joylashishdi. Xuddi shu xonada Panji ham turardi. Umrbek navbat olish uchun darhol shifoxonaga yo`l oldi.
Panji bilan Jo`shqin tanishib, oshxonada birga ovqatlanishdi, keyin ular ham travmatologiya shifoxonasiga borishdi.
—Siz sherigingizning oldiga chiqavering, men sizning ortingizdan etib olaman. Diagnostika markaziga kirib chiqay, — dedi Panji shifoxona hovlisida.
Jo`shqin u bilan vaqtincha xayrlashib shifoxonaga kirib ketdi. Paytdan foydalangan Panji esa darhol ortiga qaytib, xonadoshi Jo`shqinni 100.000 so`mlik sumkasini, ichidagi kiyimlarini, pasportini va 1.000.000 so`m pulini olib juftakni rostladi. Bir soatlardan so`ng Jo`shqin Panjiga qo`ng`iroq qildi. Afsuski uning telefoni allaqachon o`chirilgan edi....
Tovuqning uchgani...
Durdona aldanganini payqagach, noiloj tuman ichiki ishlar bo`limiga ariza bilan murojaat qildi. Jo`shqin ham yotoqxonaga qaytgach, sumkasi joyida yo`qligini ko`rib, darhol IIB xodimlaridan yordam so`radi.
“Tovuqning uchgani tomgacha” deganlaridek o`g`ri ham tezda ushlandi. Sud Panji Nuriddinovdan Durdona Azimova foydasiga 650.000 so`m, Jo`shqin Hakimberdiev foydasiga 1.100.000 so`m undirishni lozim deb topdi. U Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, 6 yil mudatga ozodlikdan mahrum etildi.
Komila ALLAYoROVA,
Mirzo Ulug`bek tuman prokurori yordamchisi
Xonbibi HIMMAT qizi,
jurnalist