AsosiyJamiyat

TDYuUning xorijdagi ilk fakulteti ochildi

'TDYuUning xorijdagi ilk fakulteti ochildi'ning rasmi

Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti o`rtasida qo`shma fakultetni tashkil etish bo`yicha shartnoma imzolandi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi ma`lum qilmoqda. 

Shu munosabat bilan o`tkazilgan marosimda ikki oliy ta`lim muassasasi rahbariyati, mas`ul xodimlari va professor-o`qituvchilar ishtirok etdi.

ZOOM platformasi orqali bo`lib o`tgan tadbirda oliy ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilanganidek, O`zbekiston oliy ta`lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta`lim dasturlarini amalga oshiruvchi «xab»ga aylantirish, mamlakatimizga xorijiy talabalar va investisiyalarni jalb etish, TDYuUning xalqaro reytinglarga kirishini ta`minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur fakultet universitetning xorijdagi ilk fakulteti ekani qayd etildi.

Qo`shma fakultetda nafaqat Tojikiston Respublikasi, balki boshqa xorijiy mamlakatlarning fuqarolari ham o`qishi mumkin. O`qish xalqaro standartlarga muvofiq ingliz va rus tillarida olib boriladi.

Fakultetda kadrlar tayyorlash «bakalavriat» bosqichida «3+1» va «magistratura» mutaxassisliklarida «1+1» ikki tomonlama diplom dastur doirasida amalga oshiriladi va bitiruvchi talabalar Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti diplomlarini qo`lga kiritadi.

Ma`lumot uchun, Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti Xo`jand shahrida joylashgan bo`lib, 6 ta fakultet, 3 ta o`quv korpusi va 11 ta o`quv laboratoriyalarini o`z ichiga oladi. Universitetda 388 nafar professor-o`qituvchi, jumladan, 148 nafar fan nomzodi va doktori faoliyat yuritadi.

 

    Boshqa yangiliklar