1

O`zbekiston xalq shoiri Omon Matjon vafot etdi

Jamiyat 29.10.2020, 07:44
O`zbekiston xalq shoiri Omon Matjon vafot etdi

2020 yilning 28 oktyabridan 29 oktyabriga o`tar kechasi O`zbekiston xalq shoiri, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Omon Matjon 77 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.

  Omon Matjon 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan. O`rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetida tahsil oldi. 1969-2002-yillar mobaynida G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyotida muharrir, bo`lim boshlig`i, “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir, “Cho`lpon” nashriyotida direktor bo`lib ishladi.  

  Omon Matjon o`tgan asrning 60-yillaridan boshlab matbuotda o`z she`rlari bilan ko`rina boshladi. Keyinchalik shoirning eng yaxshi she`rlari “Ochiq derazalar” (1970), “Karvon qo`ng`irog`i” (1973), “Quyosh soati” (1974), “Dramatik dostonlar” (1975), “Yonayotgan daraxt” (1977), “Yarador chaqmoq” (1979), “Haqqush qichqirig`i” (1979), “Seni yaxshi ko`raman” (1983), “Daraxtlar va giyohlar” (1984), “Ming bir yog`du” (1989), “O`rtamizda birgina olma” (1990), “Odamning soyasi quyoshga tushdi” (1991), “Qush yo`li” (1993), “Iymon yog`dusi” (1995), “Diydor aziz” (2011), “Xaloskor ruh” (2012) kabi yigirmaga yaqin she`riy to`plami, “To`rabekaxonim” nasriy qissasi va “Najmiddin Kubro”, “Ardaxiva”  badialari chop qilindi. Bu to`plamlardagi “Amu”, “Oybek”, “Shu`lalardan hayratlanish”, “Ona degan so`z”, “Turnalar”, “Mezon”, “Chorlov”, “O`n uchinchi eshik”, “Umrimiz haqida” kabi she`rlari hozirgi o`zbek she`riyatining eng yaxshi namunalaridan bo`lib, ularda inson qalbining turfa jilolari rang-barang tashbehlarda, jozibali obrazlarda ifodalangan. Omon Matjon ijodida “Cho`ldagilar” doston xronikasi, “Gaplashadigan vaqtlar” she`riy qissasi alohida o`rin egallaydi. Ular o`zining yangicha shakli, ohangi bilan kitobxon e`tiborini tortadi.  

  Shoirning 2000 yili “Avesto”ning 2700 yilligiga bag`ishlangan “Ardaxiva” asari chop etildi.  

  Omon Matjon qardosh va chet el adabiyotidan ko`plab namunalarni ona tilimizga mahorat bilan o`girgan. Xususan, F.Shiller, Sh.Bodler kabi jahon klassiklari, E.Evtushenko, R.Hamzatov, Sh.Petefi, Yu.Marsinkyavichyus, B.Kerboboev, Suxrob Tohir, I.Yusupov singari shoir va adiblar ijodidan qilgan tarjimalari e`tiborga loyiq.  

  O`zbekiston xalq shoiri Omon Matjon adabiyotimiz rivoji yo`lidagi xizmatlari uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo`lgan.  

  O`zbekiston xalq shoiri Omon Matjon vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga ta`ziya bildiramiz.

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1