AsosiyJamiyat

Saudiya Arabistoni Umra ibodatiga keluvchilar uchun qanday shartlar qo`ygani e`lon qilindi

'Saudiya Arabistoni Umra ibodatiga keluvchilar uchun qanday shartlar qo`ygani e`lon qilindi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita hamda O`zbekiston musulmonlari idorasining Umra tadbirini tashkil etish yuzasidan qo`shma xabarnomasi e`lon qilindi.

Unga ko`ra, so`nggi yillarda haj va umra tadbirlarini tashkil etish, ziyoratchilarga qulay shart-sharoit va engilliklar yaratish borasidagi ishlar, shubhasiz yangi bosqichga ko`tarildi. Buni tashkiliy ishlar hamda Makka va Madina shaharlarida yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan yangilik va qulayliklar misolida yaqqol ko`rish mumkin.

Mazkur safarlarni tashkil etish dunyoda kechayotgan murakkab epidemiologik vaziyat, qolaversa Saudiya Arabistonidagi koronavirus kasalligi bilan bog`liq jiddiy holatdan kelib chiqib, vaqtinchalik to`xtatilgan edi. Shundan buyon “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya tomoni bilan mazkur tadbirlar bilan bog`liq yangilik va jarayonlar borasida muntazam muloqot qilib kelmoqda.

Avval xabar berib o`tganimizdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o`zining rasmiy internet nashrlari orqali taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, Umra ziyorati to`rt bosqichda, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etishi bayon etilgan. Bugunga qadar umra tadbirlari 2 ta bosqichda qayta yo`lga qo`yildi. Shu yilning 4 oktyabrdan birinchi va 18 oktyabrdan ikkinchi bosqichlar boshlandi. Hozirga kelib kunlik ziyoratchilar soni 15 mingtani tashkil etmoqda.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, ushbu ikki bosqichda Umra ibodatini ado etuvchilar soni cheklangan bo`lib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro`yxatga olinmoqda va ziyoratchilarning Masjidul Haram hududiga kirishlari tashkiliy ravishda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Haj va umra vazirligining bayonotida joriy yil 1 noyabridan e`tiboran, Umra ibodatini ado etish uchun xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish nazarda tutilgan edi. Ruxsat etilgan davlatlar ro`yxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantirilishi alohida ta`kidlangan.

️Shu o`rinda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida joriy yilning 1 noyabr kunidan e`tiboran, xorijiy ziyoratchilarga umra qilishi uchun ruxsat berilmoqda, mazmunida tarqalgan xabarga oydinlik kiritib o`tish lozim. 1 noyabr kunidan xorijiy fuqarolarga ruxsat berish yuzasidan bildirilgan Haj va umra vazirligi bayonotida Umra ibodatiga keluvchilar uchun bir qancha shart va talablar belgilab qo`yilgan.  

Jumladan, unda umra ziyoratchisining yoshi 18 dan 50 yoshgacha bo`lishi (Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi taklifiga ko`ra), koronavirusdan holi ekanini isbotlovchi manfiy natijali PSR analizni taqdim etishi, ushbu analiz 72 soat ichida olingan bo`lishi va ishonchli laboratoriyada amalga oshirilishi zarurligi, "Umra qildik" programmasi orqali (Ikki Haramga kirish uchun onlayn navbat) ro`yxatdan o`tib, o`z onlayn tartibiga ko`ra umra ibodatini ado etish, Masjidul Haromda namoz o`qish, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilish va Ravzai sharifda namoz o`qish bilan bog`liq rejali ishlar uchun oldindan buyurtma berish, Saudiya Arabistoniga etib kelgandan so`ng belgilangan mehmonxonada 3 kun karantinda bo`lishi va boshqa shu kabi talablar belgilangan.

Shuningdek, Saudiya mutasaddi idoralari tomonidan epidemiologik holat bo`yicha Umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsat etilgan davlatlar ro`yxati alohida e`lon qilinishi qayd qilingan.

O`z navbatida, «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan mazkur masalalar bo`yicha belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish yuzasidan muzokaralar o`tkazmoqda.

Shuningdek, ushbu tadbirlarni tashkil etishga vakolatli tashkilot – O`zbekiston musulmonlari idorasi yurtdoshlarimizning to`liq tibbiy xavfsizligini ta`minlagan holda, rasmiy, ishonchli, xavfsiz va qulay Umra xizmatlarini taqdim etish ustida hamkorlar bilan jadal ish olib bormoqda.

️Eslatib o`tamiz, Umra safari bilan bog`liq yakuniy qarorlar yuzasidan tez kunlarda rasmiy bayonot beriladi.

    Boshqa yangiliklar