AsosiyJamiyat

Hindiston Markaziy Osiyo mamlakatlariga grant ajratadi, jumladan O`zbekistonga ham...

'Hindiston Markaziy Osiyo mamlakatlariga grant ajratadi, jumladan O`zbekistonga ham...'ning rasmi

2020 yil 28 oktyabrda Hindiston tashqi ishlar vaziri raisligida “Hindiston-Markaziy Osiyo” II ishbilarmonlar kengashining yig`ilishi videokonferensiya shaklida bo`lib o`tdi. Tadbirda Qozog`iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirlari, shuningdek Qirg`iziston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari ishtirok etdi. Afg`oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi vakil uchrashuvga maxsus mehmon sifatida tashrif buyurdi.

Vazirlar 2019 yil 13 yanvarda Samarqandda bo`lib o`tgan “Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqotining 1-uchrashuvini Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida siyosiy, xavfsizlik, iqtisodiyot va savdo, rivojlanish uchun hamkorlik, gumanitar va madaniy sohalarda, sheriklik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar bo`yicha fikr almashish, BMT va boshqa ko`p tomonlama forumlar doirasida hamkorlikni kengaytirish uchun platforma yaratishda yuqori baholashdi. Vazirlar Hindiston va Markaziy Osiyo o`rtasida o`zlarining tarixiy, madaniy va sivilizasion aloqalari hamda an`anaviy ravishda xalqlararo aloqalar asosida har tomonlama va uzoq muddatli sheriklik o`rnatishga chaqirdilar.

Vazirlar Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarining sanitariya-epidemiologiya xizmatlari o`rtasida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta`kidladilar. Qozog`iston, Qirg`iziston Respublikasi, Tojikiston va O`zbekiston vazirlari Hindistonning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda o`z mamlakatlariga ko`rsatgan gumanitar tibbiy yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Markaziy Osiyo vazirlari Hindistonning aloqa, energetika, axborot texnologiyalari, sog`liqni saqlash, ta`lim, qishloq xo`jaligi va boshqalar kabi ustuvor rivojlanish loyihalari uchun 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasini mamnuniyat bilan qabul qildilar. Vazirlar, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida jamoatchilikni rivojlantirish bo`yicha samarali loyihalar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag`batlantirish uchun Hindistonning grant yordami ko`rsatish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildilar.

Vazirlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari ishbilarmon doiralari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni rivojlantirish bo`yicha birgalikdagi sa`y-harakatlarning muhimligini ta`kidladilar. Shu nuqtai nazardan, vazirlar 2020 yil 6 fevralda Nyu-Dehlida Hindiston Savdo-sanoat palatalari federasiyasi, Qozog`iston Xalqaro savdo palatasi, Qirg`iziston Savdo-sanoat palatasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi va O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatalaridan tashkil bo`lgan  “Hindiston - Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashining boshlanishini mamnuniyat bilan qabul qildilar. 

Vazirlarning ta`kidlashicha, “Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqoti doirasida biznes va biznes o`rtasidagi o`zaro aloqalar organi sifatida “Hindiston-Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda, soliq solishni chuqur anglashda, Hindiston va Markaziy Osiyoda biznesni tartibga solishda, shuningdek, biznes, investitsiyalarni, ayniqsa kichik va o`rta biznes sohasida rag`batlantirishda ko`maklashishi kerak. 

Vazirlar savdo va tijoratni kengaytirish uchun aloqalarni o`rnatish, shuningdek, Hindiston va Markaziy Osiyo halqlari o`rtasidagi aloqalarni o`rnatish muhimligini ta`kidladilar. Vazirlar o`z mamlakatlarining tranzit va transport salohiyatini yanada rivojlantirish, mintaqadagi logistika tarmog`ini takomillashtirish, mintaqaviy va xalqaro transport yo`llarini yaratish bo`yicha qo`shma tashabbuslarni ilgari surishdan doimiy manfaatdorliklarini bildirdilar. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari Hindiston tomonidan Erondagi Chabahar porti infratuzilmasini modernizasiya qilish borasidagi sa`y-harakatlarini yuqori baholadilar, bu Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlari o`rtasidagi savdo-transport aloqalarida muhim rol o`ynashi mumkin.

Vazirlar terrorizmni barcha shakllari va ko`rinishlarida qoraladilar va ularning xavfsiz hududlarni, tarmoqlarni, infratuzilmani va terrorizmni moliyalashtirish kanallarini yo`q qilish orqali o`z mamlakatlarining ushbu tahdid bilan kurashishga qat`iy qaror qilganliklarini tasdiqladilar. Shuningdek, ular har bir davlat o`z hududidan boshqa davlatlarga qarshi terroristik harakatlarni amalga oshirishda foydalanilmasligininig zarurligini ta`kidladilar.

Vazirlar Afg`onistonning Hindiston va Markaziy Osiyo o`rtasidagi muloqotda ishtirok etishini olqishladilar. Afg`oniston mojarosini Afg`oniston boshchiligida bo`lgan, Afg`onistonga qarashli va Afg`oniston nazorati ostidagi tinchlik jarayoni asosida hal qilishga chaqirdilar. Vazirlar Afg`onistonni rivojlantirish va iqtisodiy qayta qurish, jumladan infratuzilma, energetika, tranzit va transport loyihalarini amalga oshirish orqali hamkorlikni kuchaytirishga qiziqish bildirdilar. Shuningdek, ular Afg`onistonning so`nggi 19 yil ichida erishgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va siyosiy yutuqlarini saqlab qolish muhimligini ta`kidladilar. Vazirlar birlashgan, suveren va demokratik Afg`oniston Respublikasini qo`llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Vazirlar Afg`oniston ishtirokidagi madaniy tadbirlar, ma`rifiy va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda qo`shma tashabbuslarning muhim salohiyatiga e`tibor qaratdilar va afg`on tomonining xalqaro yoshlar forumlari, festivallari, musobaqalari, ilmiy konferentsiyalar, ko`rgazmalar va boshqa qo`shma tadbirlarda ishtirok etish uchun ko`maklashish niyatlarini bildirdilar.

Vazirlar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi gumanitar, madaniy, ta`lim va turizm sohasidagi hamkorlikning muhimligini ta`kidladilar. Mamlakatga keladigan sayyohlar sonining ko`payishi, butun mintaqa bo`ylab sayyohlik marshrutlarini yaratish, viza jarayonini soddalashtirish va turizm infratuzilmasiga sarmoyalarni rag`batlantirish ta`kidlandi. Vazirlar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bir-birlarining oliy o`quv yurtlarida tahsil olayotgan ko`plab talabalarni ijtimoiy farovonligini ta`minlash muhimligini ta`kidladilar.

Markaziy Osiyo vazirlari 2019 yil aprel oyida Hindistonda Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalarining delegatsiyasini qabul qilgani uchun, 2019 yil iyul oyida Nyu-Dehlidagi Sushma Svaraj tashqi xizmat institutida Markaziy Osiyo diplomatlarini o`qitgani uchun va 2019 yil dekabr oyida Madaniy aloqalar bo`yicha kengash tomonidan Nyu-Dehlida tashkil etilgan Markaziy Osiyoga bag`ishlangan xalqaro raqs festivali uchun Hindistonga o`z minnatdorliklarini bildirdi. 

Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari Hindiston tashqi ishlar vaziriga “Hindiston-Markaziy Osiyo” II ishbilarmonlar kengashini tashkil etgani uchun o`z minnatdorliklarini bildirdi. Vazirlar Hindiston va manfaatdor Markaziy Osiyo davlatlarida Afg`oniston ishtirokida “Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqoti doirasida har yili uchrashuvlar o`tkazishni kelishib oldilar.

    Boshqa yangiliklar