Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma`lum qilishicha, so`nggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan mamlakatimiz aholisi bo`ylab, ayniqsa, hududlarda maxsus kiyim-boshdagi shaxslar o`zlarini “davlat yong`in nazorati organi («pojarniy») xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan “yillik to`lov” qabilida turli miqdordagi pul mablag`larini majburiy tarzda noqonuniy yig`ish holatlari kuzatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi yuqorida aytib o`tilgan shaxslarning FVV faoliyatiga hech qanday aloqasi yo`qligini, shu bilan birga, yong`in va uning oldini olish bilan bog`liq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yig`imlari, boshqa turdagi to`lovlar undirilmasligini ma`lum qilamiz.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tish kerakki, hozirda yurtimizning turli hududlarida favqulodda vaziyatlar, yong`inlarning oldini olishga qaratilgan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyat yuritadi. Ularning nizomlarida ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan aholiga xizmat ko`rsatish vazifalari belgilangan.
Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sizlardan bu borada quyidagilarga e`tibor qaratishingizni so`raydi:
xonadoningizga kelib, o`zini FVVning quyi tizimlariga o`xshash tashkilotlar nomlari bilan tanishtirgan shaxslardan, birinchi navbatda, o`z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim etishini so`rang;
ularning faoliyat turi hamda qanday xizmatlar ko`rsatishi va ishlarni bajarishlariga aniqlik kiriting;
shuningdek, ular tomonidan taklif qilinadigan xizmatlarni bajarish faqat Sizning roziligingiz asosida amalga oshirilishi mumkinligini unutmang!
Agar, xizmat ko`rsatmasdan va siz yoki oila a`zolaringizni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan biror ishlarni bajarmasdan, Sizdan majburiy tartibda to`lov talab qilinsa, o`z huquqlaringizni himoya qilish maqsadida, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishingiz mumkin.






