AsosiyJamiyat

O`zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi

'O`zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi'ning rasmi

O`zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qur`oni karimga hurmatsizlik aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi. 

Aziz mo`min-musulmon yurtdoshlar! Kuni kecha ijtimoiy tarmoq sahifalarida dinimizning ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi – Qur`oni karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo`ldi.

Ma`lumki, Alloh taolo Qur`oni karimni insoniyatga hidoyat va ezgulik manbai o`laroq nozil qilgan. Shu nuqtai nazardan, qolaversa, qonunchilikka ko`ra, inson kim bo`lishidan qat`iy nazar muayyan din vakilining diniy tuyg`ulari, qadriyatlari hurmat qilinishi shart, ularning tahqirlanishiga yo`l qo`yilmaydi.

Ota-bobolarimiz qadim-qadimdan Qur`oni karimni ko`ksilaridan pastda tutmaganlar, joynamozlarini ham doimo baland joyga qo`yganlar. Masjid atrofidan ohistalik bilan o`tganlar. Azon aytilayotganda behuda so`z aytmaganlar. Ana shu jihatlardan kelib chiqqanda, tarqalgan videolavhadagi holat yurtimiz mo`min-musulmonlarining keskin noroziligiga sabab bo`ldi.

Shu o`rinda, O`zbekiston musulmonlari idorasi Qur`oni karimni oyoq osti qilish holatini qattiq qoralashini hamda bu noinsoniy harakat hech qaysi diniy ta`limotga ham, aqlga ham, umuman olganda, insoniylik tamoyiliga ham to`g`ri kelmasligini bildiradi.

Kezi kelganda, mo`min-musulmon yurtdoshlarimizga bunday manfur xatti-harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki aqlni ishlatib munosabat bildirish lozim ekanini ta`kidlaymiz. Chunki, qonun hujjatlariga muvofiq milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha`n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, fuqarolarning his-tuyg`ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar javobgarlikka asos bo`ladi. Shunday ekan, bu fuqaroning qilmishi ham, albatta, qonuniy asosda ko`rib chiqiladi.

O`z navbatida, Qur`oni karimni tahqirlagan mazkur fuqaroning shaxsini aniqlash bo`yicha huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan amaliy sa`y-harakatlar olib borilayotgani hamda konstitusiya va qonun hujjatlariga zid ravishda diniy adovat chiqarishga yo`naltirilgan xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko`rilishini ta`kidlaymiz".

    Boshqa yangiliklar