O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun @dorinarx_bot Telegram botining ishga tushirilishining rasmiy taqdimoti bo`lib o`tdi.
So`nggi vaqtlarda, dorixonalarda bir qator dori-darmonlarning etishmasligi va narxlarini sun`iy ravishda yuqori baholash kuzatilmoqda, iste`molchilar virusga qarshi va isitma tushiruvchi dorilarning asossiz yuqori narxlaridan shikoyat qilmoqdalar, deydi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Axborot xizmati.
Mazkur loyihadan ko`zlangan maqsad iste`molchilarga dori-darmonlarning maksimal chakana narxi to`g`risida ma`lumot olishlari uchun imkoniyat yaratishdan iborat. Mazkur Telegram bot orqali dori vositalari narxlarini tartibga solishning belgilangan qoidasiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik mexanizmi joriy qilinadi.
Taqdimot tadbirida Agentlik tomonidan bunday axborot tizimining qulayliklari, foydalanish tartib-qoidalari, mavjud ma`lumotlar haqida ma`lumotlar berib o`tildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori muvofiq chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo`llanilgan holda amalga oshiriladi.
Shuni ta`kidlash lozimki, dori-darmonlar narxlari bo`yicha ishonchli va aniq ma`lumotlarning mavjud emasligi jamiyatda haqli norozilikka olib keladi. Har bir iste`molchi sotib olishdan oldin dori mahsulotning chegaraviy narxidan xabardor bo`lish huquqiga ega.
Bugungi kunda mamlakatimizda 18 million iste`molchi Telegram messenjeridan foydalanmoqda. Iste`molchilarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan @dorinarx_botda dori vositasini xalqaro patentlanmagan nomi yoki savdo nomi bo`yicha izlash imkoniyati mavjud. (Axborot tizimiga 2 mingdan ortiq savdo nomlari kiritilgan).
Iste`molchilar uchun @dorinarx_botda quyidagi ma`lumotlar mavjud:
- savdo nomi, dozasi, qadoqlangan soni va qadoq turi, ishlab chiqaruvchi nomi, xalqaro patentlanmagan nomi, maksimal chakana narxi.
Agar Siz dori vositasini biror bir dorixonada belgilangan maksimal chakana narxidan yuqori narxda sotilayotganidan xabardor bo`lsangiz, Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga quyidagi qulay bo`lgan tarzda murojaat etishingiz mumkin.
Rasmiy veb-sayt orqali www.consumer.uz va ishonch telefoni raqami orqali 1159.






