AsosiyJamiyat

"Maktablarda yangi metodika yaratish zarur". Prezident Finlyandiya tajribasini namuna qilib ko`rsatdi

'"Maktablarda yangi metodika yaratish zarur". Prezident Finlyandiya tajribasini namuna qilib ko`rsatdi'ning rasmi

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida mamlakatimizda ta`lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo`yicha videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda PRezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lumki, mamlakatimiz ta`lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish maqsadida Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjat regulation.gov.uz portaliga qo`yilib, barcha hududlarda, mahalliy kengashlarda va maktab jamoalarida ota-onalar ishtirokida keng muhokama qilindi.

Farmon loyihasida ta`limdagi hozirgi muammolarni hal qiladigan, yaqin besh yilda natijasini ko`rsatadigan va keyingi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan maqsadlar qamrab olingan.

Jumladan, jamiyatda muallimning obro`-e`tibori va maqomini ko`tarish, o`quv dasturlari va metodikasini to`liq qayta ko`rib chiqish, maktabni ta`limning keyingi bosqichlari bilan uzviy bog`lash, o`qituvchilarni ortiqcha qog`ozbozlikdan xalos etib, o`z ustida ko`proq ishlashi uchun sharoit yaratish va shuni rag`batlantirish, maktab infratuzilmasi va undagi ma`naviy muhitni yaxshilash kabi masalalarning echimlari aniq belgilab berilmoqda.

Eng asosiysi, joylardagi rahbarlarning, shuningdek, mahalliy kengashlarning ushbu muhim masalaga yondashuvi va e`tiborini tubdan o`zgartirish, ularning mas`uliyati, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari kiritilmoqda.

Videoselektor yig`ilishida ta`lim sohasidagi muammolar, ularni hal etib, ta`lim sifatini oshirishga oid vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari avvalo maktablarda o`quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko`rib chiqish, o`quvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligini ta`kidladi.

Bu borada Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirildi. Ushbu mamlakat umumiy savodxonlik, tabiiy fanlar va matematika bo`yicha dunyoda eng ilg`orlardan biri.

– Maktabda o`qitish metodikasi o`zgarmasa, ta`lim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham o`zgarmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoev.  

Dunyodagi zamonaviy o`quv dasturlari, o`qitish metodikalarini o`rganib, yurtimiz umumta`lim maktablarida joriy qilish muhimligi ta`kidlandi. Xalq ta`limi vazirligiga ushbu tajriba asosida Milliy o`quv dasturini ishlab chiqib, 2021/2022 o`quv yilidan boshlab ta`lim jarayoniga sinov tariqasida tatbiq etish vazifasi qo`yildi.

Yangi metodikani samarali yo`lga qo`yish uchun barcha maktab o`qituvchilari videoaloqa orqali xorijiy mutaxassislar ishtirokida o`qitiladi. Eng muhimi, bu jarayonlarga pedagogika yo`nalishidagi universitet va institutlar ham jalb qilinib, pedagog kadrlar tayyorlash metodikasi ham yangilanadi. Shuningdek, matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika fanlari bo`yicha chet ellardagi ilg`or darsliklar chuqur o`rganib chiqiladi.

 

    Boshqa yangiliklar