1

O`zbekistonda arzon va nogironligi bo`lganlar uchun qulay uy-joylar quriladi

Jamiyat 01.11.2020, 16:50
O`zbekistonda arzon va nogironligi bo`lganlar uchun qulay uy-joylar quriladi

O`zbekiston prezidenti tashabbusi bilan O`zbekistonda uy-joy qurilishi bo`yicha yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yaqinda Prezidentimiz qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishib, besh qavatli arzon uylarni mamlakatimizning aholi zich joylashgan barcha hududlarida qurish zarurligini ta`kidlagandi.

O`zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligida o`tkazilgan yig`ilishda shahar va tumanlardagi uy-joyga ehtiyojmand oilalar ro`yxatini shakllantirish va qaysi hududga qancha uy qurish masalalari ko`rildi. Shuningdek, sifatiga ta`sir qilmagan holda uylarni arzonlashtirish, muhtoj oilalar uchun munosib shart-sharoit, ayniqsa moliyaviy qulaylik yaratish zarurligi alohida qayd etildi.  

Ma`lumki, Sardoba hamda Mirzaobod tumanlarida qisqa muddatda 86 ta besh qavatli uy qurib bitkazildi. Qurilishi rejalashtirilayotgan ushbu arzon uylarni barpo etishda aynan Sirdaryo tajribasidan foydalaniladi.

Uylar 1 pod`ezd, 5 qavat va 20 ta xonadondan iborat bo`ladi. Loyihada barcha kommunikasiya tarmoqlari ko`zda tutilgan bo`lib, uylarni arzonlashtirish va sifatini oshirishga xizmat qiladigan qator omillar mavjud. Xususan, xonadonlarning joylashuvi va xonalarning ichki maydoni maqbullashtirilib, hovli va yo`laklarga sensorli elektr chiroqlari qo`yiladi. Hisoblagichlar ham har joyda emas, balki bir joyga to`planadi. Yuvinish xonasi ham optimallashtiriladi. Barchaga qulay bo`lishi uchun birinchi qavat zinalari tashqariga chiqarilib, nogironligi bo`lganlar uchun panduslar quriladi.

Qurilish vazirligida o`tgan uchrashuvda ta`kidlandiki, mazkur arzon uy-joylarning narx-navosi, ipoteka shartlari, tartibi yaqin kunlarda oydinlashadi. Hozirda Qurilish vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirliklari mutaxassislari birgalikda ish olib bormoqda.

Shuningdek, uchrashuvda hududlarda investisiya dasturlariga kiritilgan qurilish loyihalarning bajarilishi tanqidiy ko`rib chiqildi. Mavjud muammolarni tez fursatlarda bartaraf etish bo`yicha aniq takliflar bildirildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1