AsosiyJamiyat

XAYRIYa AKSIYaSI! Tug`ma yurak nuqsonli bolalar uchun bepul tibbiy ko`rik o`tkazilmoqda

'XAYRIYa AKSIYaSI! Tug`ma yurak nuqsonli bolalar uchun bepul tibbiy ko`rik o`tkazilmoqda'ning rasmi

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amalaiy tibbiyot markazi 2-10 noyabr kunlari (8 noyabr kuni – dam olish kuni) tug`ma yurak nuqsoni bo`lgan bolalar uchun bepul tibbiy ko`rikdan o`tish aksiyasini tashkil qildi. Ushbu aksiya Tibbiyot xodimlari kuniga bag`ishlangan bo`lib, unda exokardiografiya tekshiruvi, EKG hamda malakali shifokorlar konsultasiyalari o`tkaziladi. Bu haqda SSV ma`lum qilmoqda.

Aksiya ishtirokchilari markaz qoshidagi konsultativ poliklinikada ko`rikdan o`tkaziladi. Aytish lozimki, ushbu muassasa yiliga 80 ming nafar kishini qabul qilishga mo`ljallangan. Jumladan, 2017 yilda 124 ming nafardan ortiq, 2018 yilda 130 ming nafarga yaqin, 2019 yilda 119 ming nafardan ortiq va 2020 yilning 10 oyi davomida 72 ming nafarga yaqin bemor qabul qilindi.

Ta`kidlash joizki, 2 noyabrdan boshlab akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amalaiy tibbiyot markazining konsultativ poliklinika bo`limi ikki smenali ishlash tizimiga o`tdi, ya`ni tibbiyot xodimlari birinchi smenada soat 08:00 dan 14:00 gacha, ikkinchi smenada esa 14:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritishadi (avval ular faqat bir smenada – 08:00 dan 14:00 gacha ishlashgan).

Shuningdek, aksiyaning ikkinchi bosqichi sifatida hududlarga shifokorlar guruhi yuborilishi rejalashtirilmoqda. Ular joylarda tibbiy ko`riklar tashkil qilib, bemorlarga kerakli maslahatlarni berishadi. Guruhning birinchi manzili Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`ladi.  

Muhimi, hozirda mamlakatimizning har bir hududiga markazdan mas`ul jarroh biriktirilgan bo`lib, u doimiy tarzda o`z hududida xirurgiyaning barcha yo`nalishlarida tibbiy maslahatga muhtoj bemorlarga yordam beradi, zarur hollarda esa viloyatdagi mutaxassislar bilan birgalikda jarrohlik operasiyalarini ham amalga oshiradi.

 

    Boshqa yangiliklar