Ularning ta`kidlashicha, deyarli butun o`tgan oktyabr davomida O`zbekiston hududida ob-havo asosan quruq va shamolsiz bo`ldi. Faqat ayrim kunlardagina Farg`ona vodiysi viloyatlarida va tog`li tumanlarda yomg`ir yog`di. Baland tog`li hududlarda qor ham yog`ib, bu yilgi birinchi qor qoplami hosil bo`ldi, lekin u beqaror bo`lib, ikki-uch kunda erib ketdi.
Quruq oktyabrlar bizda tez-tez kuzatiladi, biroq bu yilgi oktyabr ekstremal quruq bo`ldi, mamlakatimizda butun meteorologik kuzatuvlar davrida eng yog`ingarchiliksiz oktyabrlardan biri bo`lgani qayd etildi.
Harorat rejimi bo`yicha esa oktyabr nisbatan salqin keldi. Eng sovuq kunlarda kunduzgi harorat 12-15 darajagacha pasaydi, oxirgi besh kunlikda esa 10-13 daraja iliq bo`ldi, eng issiq kunlarda kunduzi 24-26 darajadan oshmadi. Oyning oxirida birinchi kuzgi ayoz kuzatildi.
Noyabr — kuzning oxirgi oyi, va u odatda, haroratning keskin o`zgarishlari bilan ajralib turadi. Noyabr oyining o`rtacha harorati oktyabrga nisbatan 5-7 daraja pastdir. Bu oyda yog`ingarchilik ham ko`proq kuzatiladi, ko`proq davom etib, kuchliroq bo`ladi. Noyabrda yomg`irning qorga aylanish holatlari takrorlanib turadi. Tog`li tumanlarda ayrim joylarda qor qoplami hosil bo`lsada, ko`pincha u beqaror bo`ladi.
Butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillarda noyabr oyida harorat, odatda, oyning birinchi yarmida 27-32 darajagacha, janubda 34 darajagacha ko`tarilgan.
O`tgan asrning o`rtasigacha eng sovuq noyabrlarda harorat 13-18 daraja sovuqqacha, hatto undan ham past, shimolda 22-27 daraja sovuqqacha pasaygan.
Lekin so`nggi 50 yil ichida respublika hududida noyabrda bunday sovuqlar kuzatilmayapti. Kamdan-kam holatlarda tunda harorat 4-6 daraja sovuqqa, shimolda 13-16 daraja sovuqqacha tushadi. Faqat 2016 yil noyabrining oxirgi o`n kunligida harorat 8-13 daraja sovuq, shimolda 20-22 daraja sovuq bo`lgan.
O`zgidrometning jahon ob-havo markazlari ma`lumotlaridan foydalanib tayyorlangan dastlabki baholariga ko`ra bu yilgi noyabr ham harorat rejimi, ham yog`ingarchilik rejimi bo`yicha me`rlarga yaqin bo`lishi kutilmoqda.
Noyabrning deyarli butun birinchi haftasi davomida O`zbekistonda ob-havo kam bulutli bo`ladi. Dam olish kunlarida bulutlilik ortadi, biroq quruq havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi. Harorat kechasi 2-7 daraja, kunduzi 18-23 daraja bo`ladi.
Keyinchalik issiq to`lqinlar sovuq to`lqinlar bilan almashib turadi, harorat kechasi 5-8 daraja iliqdan 0-3 daraja sovuqqacha, kunduzi 17-20 daraja issiqdan 3-6 daraja iliqqacha o`zgarib turadi. Yog`ingarchilik asosan yomg`ir ko`rinishida bo`ladi.






