Ijtimoiy tarmoqlarda o`quvchini urayotgan o`qituvchining holati aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo`layotgan edi.
Vazirlik tomonidan ushbu videoga munosabat bildirildi.
“Mazkur videoda aks etgan holat ancha oldin sodir bo`lganini o`quvchilarning barchasi niqobsiz ekanligidan ham anglash mumkin. Video qachon va qaysi maktabda sodir bo`lgani bo`yicha o`rganish ishlari olib borilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Ma`lum qilinishicha, agarda kimda mazkur holat bo`yicha aniq ma`lumot bo`lsa, Xalq ta`limi vazirligiga yuborishi mumkinligi, holat vazirlik tomonidan qo`shimcha o`rganib chiqilishi bildirilgan.
Xalq ta`limi vazirligining “Umumiy o`rta ta`lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari to`g`risida” 2020 yil 28 maydagi 131-son buyrug`iga asosan, o`qituvchi-pedagoglar jamoa a`zolari va boshqalarning shaxsiyatini hamda qadr-qimmatini kamsitishi, o`zgalarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki psixologik tazyiq o`tkazishi qat`iyan taqiqlanadi.






