AsosiyJamiyat

Prezident o`n yil oldingi dasturiy mahsulotlar asosida ob-havo prognozini tayyorlayotgan gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

'Prezident o`n yil oldingi dasturiy mahsulotlar asosida ob-havo prognozini tayyorlayotgan gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo`yicha  yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo`yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.

Ta`kidlanishicha, gidrometeorologiya xizmati qishloq xo`jaligi, energetika, transport, ekologiya kabi bir qancha sohalar uchun juda muhim. Lekin yillar davomida e`tibor berilmagani oqibatida O`zbekistonda bu yo`nalish zamondan orqada qolib ketgan. Aerologik kuzatuv 1995 yildan buyon o`tkazilmaydi. Bu esa ob-havo haqidagi ma`lumotlarning ishonchliligini pasaytiradi. Xalqaro standart bo`yicha qaralsa, yurtimiz hududida 4 mingta stansiya bo`lishi zarur, amalda esa 335 ta bor, xolos.

Gidrometeorologiya xizmati markazining moddiy-texnik bazasi eskirgan, iqtisodiy rentabelligi ham past. Xususan, markaz o`tgan 9 oydagi xarajatlarning atigi 6 foizini o`z daromadidan qoplagan.

– Gidrometeorologiya xavfsizligimizni ta`minlaydigan muhim sohalardan biri. Bugun eng asosiy vazifa – tizimda xizmat sifatini o`zgartirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda sohada xizmat ko`rsatishni bosqichma-bosqich tijoratlashtirish yuzasidan taqdimot o`tkazildi.

Bugungi kunda meteorologik ma`lumotlar 35 ta idoraga, jumladan, 20 ga yaqin tijorat tashkilotiga bepul berilmoqda. Xizmat narxlari xarajatga nisbatan kam bo`lib, 15 yildan buyon ko`rib chiqilmagan. 

Davlatimiz rahbari ushbu narxlarni qayta ko`rib chiqish va pulli xizmatlar qamrovini kengaytirish muhimligini ta`kidladi.

Yig`ilishda meteorologiya xizmatining moddiy-texnik ta`minotidagi kamchiliklar atroflicha ko`rib chiqildi. Qayd etilishicha, 70 ta stansiyaning atigi 14 tasi avtomatlashgan. Ob-havo prognozi o`n yil oldingi dasturiy mahsulotlar asosida tayyorlanmoqda. Oqibatda ob-havo va tabiiy ofatlar haqidagi ma`lumotlar kechikmoqda. Toshkent, Samarqand va Nukusdagi 3 ta meteorologik lokator ma`lumotlari etarli bo`lmayapti.

Shu bois kelgusi yillarda Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida lokatorlar o`rnatish, barcha stansiyalarni avtomatlashtirish, yangi stansiya va postlar qurish bo`yicha topshiriqlar berildi. Bular natijasida meteorologiya xizmatining sifati va tezligi ancha oshadi.

O`zgidromet Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari bu maqomni saqlab qolish muhimligini ta`kidlab, 2022 yilda Samarqandda zaxira ma`lumotlarni yig`ish, qayta ishlash va saqlash bo`yicha mintaqaviy xab tashkil qilishga ko`rsatma berdi.

Meteorologiya ma`lumotlari qishloq xo`jaligida samaradorlikni ta`minlaydigan muhim omillardan biri. Chet elda agrar sohadagi korxonalar uchun o`simlik namligi, yomg`ir miqdori, chuqurlikdagi tuproq haroratini aniqlash kabi 20 dan ortiq xizmat ko`rsatiladi. Yurtimizda bunday xizmatlar atigi 9 xildan iborat. Agrometeorologik xizmatlar 96 ta stansiya va postda olib borilayotgani, ularning soni so`nggi 10 yilda atigi 5 taga ko`paygani sababli prognozning ishonchliligi 80-85 foizdan ortmaydi.

Gidrometeorologiya xizmati markaziga kelgusi yilda har bir viloyatda qo`shimcha agrometeorologiya postlari tashkil etish bo`yicha topshiriq berildi. Jahon oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkilotining granti doirasida Jizzax va Qashqadaryoda agrometeorologik stansiya hamda o`lchov vositalari o`rnatib, xizmatlar sonini 14 taga etkazish, keyinchalik buni barcha hududlarda joriy etish muhimligi ta`kidlandi. Fermer xo`jaligi va klasterlarga onlayn xizmat ko`rsatadigan dasturiy ta`minot ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Sohada ilm-fanni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga ham e`tibor qaratildi. Kelgusi o`quv yilidan O`zbekiston Milliy universitetida gidrometeorologiya fakulteti tashkil etish, Toshkent gidrometeorologiya texnikumida zamonaviy o`rta bo`g`in mutaxassislari tayyorlash va malakasini oshirish zarurligi aytildi.

Soha xodimlarining oylik maoshini oshirish va uzoq muddatli xizmat uchun ustama to`lash tizimini joriy etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

 

 

    Boshqa yangiliklar