AsosiyJamiyat

O`zbekistonda xonadagi koronavirusni o`ldiruvchi qurilma yaratildi

'O`zbekistonda xonadagi koronavirusni o`ldiruvchi qurilma yaratildi'ning rasmi

O`zbekistonda havo va narsa-buyumlar yuzasidagi infeksiyalar, xususan SARS-CoV-2 virusini yo`q qiluvchi qurilma ixtiro qilindi.

«Biogenetik» ilmiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Olimjon Yusupov «Innoweek.uz – 2020» innovasion g`oyalar haftaligi doirasidagi ko`rgazmada ushbu qurilma haqida ma`lumot berdi. Bu haqda kun.uz xabar berdi.

Uning aytishicha, qurilma koronavirusni o`ldirish xususiyatiga ega bo`lib, bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o`tgan.

«Qurilma o`zidan to`yintirilgan elektronlar chiqaradi. Dastlabki sinovlarda ob-havodagi barcha zararli mikroblarni yo`q qildi. Uni takomillashtirib yangi modelini yaratgach, koronavirusga ham sinov o`tkazib ko`rdik. Natijalar ijobiy chiqdi. Qurilma havodagi va narsalar yuzasidagi koronavirusni butkul yo`q qildi.

Maqsadimiz, havodagi virusni zararsizlantirgandan so`ng, uni erga tushirib yuvib tashlamoqchi edik. Shu jarayonda havodagi virusni qobiqqa ola oldik. Mikrob parchasini erga tushirdik, keyingi bosqichda nihoyat virusni havoda turgan joyida o`ldira oldik.

Bu qurilmaga vaksina yoki boshqa biror dori qo`shilmagan. Texonologiyaning o`zi viruslarni o`ldirish xususiyatiga ega. Stol-stul bo`ladimi, kiyim-kechak bo`ladimi, hammasining sirtidagi virusni daf qiladi», – deydi u.

Olimjon Yusupoving so`zlariga ko`ra, uskuna 12 voltli tokda ishlaydi. Tok yo`q paytda batareyadan ham foydalanish mumkin.

«Qurilmamiz turli sinovlardan samarali o`tdi. Xususan, klinik sinovlar ham nihoyasiga etdi. Natija juda yaxshi.

Buning narxi arzon bo`ladi, chunki uskuna o`zimizda ishlab chiqariladi va uning tarkibiy qismlari ham o`zimizniki.

Qurilmani avtomobillar uchun ham ishlab chiqdik. Tez tibbiy yordamda foylalanilayotgan «Damas» va «Honda»da sinaldi. Yaxshi natija berdi. 12 volt mashina uchun muammo emas», – dedi Yusupov.

«Biogenetik» korxonasi direktoriga ko`ra, yangi texnologiya xona o`lchami va odamlar soniga qarab turli kattaliklarda ishlab chiqariladi. Masalan, katta hajmdagi qurilmalar operasiya xonalari, klinika, kafe kabi odam ko`p kelib-ketadigan joylarlarga mo`ljallangan. Kichik qurilma esa 50–100 kvadrat metrli xonani 5 daqiqa ichida viruslardan tozalay oladi.

«InnoWeek.uz – 2020» haftaligining ilk kunida mazkur qurilmani ishlab chiqarish bo`yicha «Genotexnologiya» kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Ma`lum qilinishicha, yaqinda qurilmani ishlab chiqarish ishlari boshlab yuboriladi.

Bu yilgi innovasion g`oyalar haftaligi onlayn tarzda, 3–8 noyabr kunlari o`tkazilmoqda. Xalqaro tadbirni tashkil etishda maxsus platforma yaratilgan bo`lib, unda dunyoning 50dan ortiq mamlakatidan 2000 nafar ishtirokchi turli g`oya va ishlanmalari bilan qatnashyapti.

    Boshqa yangiliklar