Prezident Donald Tramp unga ovoz bergan saylovchilardan minnatdor.
“Bunchalik keng qo`llab-quvvatlanamiz deya tasavvur qilmagan edik”, - dedi u, Oq uydan murojaat qilar ekan. Qator shtatlarda saylov natijasi hali e`lon qilinmadi.
Hozirgacha ma`lum natijalarga ko`ra, demokrat Jo Bayden va Prezident Trampga berilgan ovozlar orasidagi farq katta emas. Trampda 48 foiz, Baydenda 49 foiz.
AQShda o`tgan bir oy mobaynida prezidentga berilgan ovozlar sanalib, natija birma-bir e`lon qilinar ekan, raqobat daqiqa sayin keskin.
Demokrat Jo Bayden g`alaba qozonishiga ishonishini aytib, xalqni yana ozgina sabr qilishga undadi.
"Har bir ovozni qadrlashimiz lozim. Sarhisob qilishsin, kutamiz", - dedi Bayden, Delaver shtatidan qilgan murojaatida.
Saylov kollegiyasidagi 538 ovozdan kamida 270 tasini olgan tomon yutadi.
Millionlab amerikaliklar 3-noyabrdan 4-noyabrga o`tar kechani bedor o`tkazib, saylov natijalarini kuzatmoqda.
Arizona, Pensilvaniya, Michigan va boshqa muhim shtatlarda millionlab ovozlar hali sarhisob qilinmagan.
Tramp boshidan pochta orqali ovoz berishga qarshi bo`lgan. Yutqazsa, Oliy sudga murojaat qilishi mumkinligini aytmoqda. Sababini tushuntirmagan.
Saylov mamlakat bo`ylab oktabr oyidan boshlangan. 60 milliondan oshiq amerikalik pochta orqali o`z tanlovini bildirgan. Qolganlar esa saylov uchastkalarida erta ovoz bergan. 3-noyabrgacha kamida 100 million amerikalik shu ikki yo`l bilan saylovda qatnashib bo`lgan edi.
Umumiy hisobda qariyb 250 millionlik elektoratning 70 foizidan oshig`i saylovga chiqqan bo`lishi mumkin, deb yozmoqda Amerika ovozi.






