“E`tirof - 2015” marosimida “Yilning eng yaxshi kinoaktyori” nomiga sazovor bo`lgan Shohruh Nasimov bugun Darakchi.uz mehmoni.
O`zining “Odnoklassniki” va “Ajal jodusi” filmlarida yaratgan obrazlari bilan xalq nazariga tushgan aktyor o`z rollari, otasi bilan munosabatlari, bo`lg`usi to`yi haqidagi fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashdi.
—2015 yilning "Eng yaxshi aktyori" deya e`tirof etilishingiz siz uchun mutlaqo kutilmagan hodisa bo`lsa kerak?
—To`g`ri, umuman kutmagan edim. Bu hayotimda bir mo`jiza bo`ldi, desam ham bo`ladi. Chunki men hali endi institutni tugatib, asta-sekin san`atdagi izlanishlarimni boshlayotganimda ushbu mukofotga loyiq ko`rildim. Endi ushbu mukofotga munosib bo`lib, kuchli aktyor bo`lishga harakat qilishim shart.
—Mukofotlanishingizni qancha vaqt oldin bildingiz, kim birinchi bo`lib tabrikladi?
—Men mukofotlanganimni sahnada e`lon qilishganida boshqalar bilan bir vaqtda bildim. O`zi oddiy mehmon sifatida tashrif buyurgan edim. Birinchi bo`lib albatta ota-onam tabrikladi.
—Dadangiz Hilol Nasimovni ayovsiz tanqidchiligini yaxshi bilamiz. Mukofotlanganingizga ularning munosabati qanday bo`ldi?
—Dadam uchun ham bu voqea kutilmagan bo`ldi, ammo xursand bo`ldilar. O`shanda ham endi mukofotga loyiq bo`lishimni, yanada izlanishimni ta`kidladilar.
—Ilk o`ynagan rolingizni eslay olasizmi?
—Adashmasam 4 yoshimda “Piyoda” deb nomlagan filmda, undan so`ng Hotam Fayzievning “Kichkina odamlar” filmida rollar ijro etganman.
Eng katta bosh rolim “Odnoklassniki” filmida bo`lgan, undan oldinroq “Sardor-3” filmida ikkinchi darajali rolni ijro etganman.
—Bugun “Ajal jodusi” filmi ko`pgina muhokamalarga sabab bo`lmoqda, siz yaratgan obrazga atrofingizdagilarning munosabati qanday bo`ldi?
—Men o`zimni professional emas, havaskor aktyor deb bilaman. Balki ayrim joylarini etkazib bera olmagandirman. Kimdir maqtadi, kimdir telefon qilib dadangizni jasadini o`sha siz yonidan qochgan odamlarning buyrug`i bilan o`g`irlashganmi, degan savollar berishdi.
—Film voqelarini hayotingizga ko`chirsak, siz ham dabdabali to`y qilish niyatidamisiz?
—Avvalo bunday voqelar hech kimning boshiga tushmasin. Agar shu bola o`z sharoitidan kelib chiqib, ko`rpasiga qarab oyoq uzatganida balki bu ishlar umuman bo`lmagan bo`lardi. Bu erda ota-onalarda ham ayb katta deb o`ylayman. Nima bo`lganda ham ular qarshilik qilishi kerak edi. Biroq ota-ona ham havasga uchdi. Hayotimizdagi men birovdan kam emasman kabi hoyu-havaslar ana shunday ayanchli voqealarga sabab bo`lmoqda.
—Siz ham uylanish arafasidasiz. Hayotingizda shunday dabdabali to`y qilishni xohlaysizmi? Filmdan siz chiqargan xulosa qanday bo`ldi? Hayotga qarashingiz o`zgardimi?
—Inson uchun eng muhimi baxt deb o`ylayman. Halol topilgan pulga ixchamgina, isrofgarchiliklarga yo`l qo`yilmagan holda qilingan to`y ayni muddao bo`ladi. Uylanishimga kelsak, men dabdabadan uzoqroq yuraman.
—Demak to`yingiz oddiy bo`ladi, shundaymi?
—Juda ham oddiy emas, dabdabali ham emas. Bir necha qavatli tortlar yoki o`nlab mashinalarsiz, me`yorida, ixchamgina bo`ladi.
—Hilol Nasimovdan boshqa rejissyorlar ham ayni damda sizni o`z filmlariga taklif qilishyaptimi?
—To`g`risini aytsam, “Ajal Jodusi” filmidan so`ng taklif bo`ldi, ammo oilamizda to`y bo`lgani munosabati bilan vaqt tomonlama ulgurolmadim.
—Boshqa rejissyorlardan taklif bo`lganida dadangiz bilan maslahatlashib keyin rozilik bildirasizmi yoki ular sizning faoliyatingizga aralashmaydilarmi?
—Dadam har doim to`g`ri yo`l ko`rsatadilar va hech qachon u yoki bu rejissyor bilan ishlamaysan, bu filmda rol o`ynamaysan degan shart qo`ymaydilar.
—Kliplardan taklif tushsa, rozi bo`lasizmi?
—Yo`q, kliplarda suratga tushmayman. Juda bir o`zgacha qo`shiq bo`lsa o`ylab ko`rishim mumkin. Lekin menimcha tushmasam kerak.
—“E`tirof 2015” mukofotiga kimlar loyiq deb o`ylagandingiz…?
—Juda ko`p iste`dodli aktyorlar bor, hamma ham tinimsiz mehnat qilyapti. Ammo aniq bir kishini ko`rsata olmayman.
—Ukangiz Fotih Nasimov-chi?
—Bu narsa haqida o`ylab ko`rmagan ekanman.
—“Ajal jodusi”da obrazdan chiqib keta olmagan sahnangiz bo`ldimi?
—Otasining o`limi, o`sha joyini hozir ham ko`ra olmayman.
—Ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik faolsiz?
—"Telegram"dan foydalanaman. "Odnoklassniki" va "Instagram"da yo`qman. Ijtimoiy tarmoqlar juda ko`p vaqtni oladi. Shu sababdan qat`iy me`yorni saqlash kerak, deb o`ylayman.
—O`zingizga biriktirilgan rolni bajara olmasdan dadangizdan gap eshitgan holatlar ham bo`ldimi, umuman s`yomka maydonida ota-o`g`il munosabati qanaqa?
—S`yomka maydonida ota-o`g`il munosabati chegarada ushlanadi. Jiddiy mavzu, jiddiy film bo`lgani uchun bizga ham talab katta qo`yiladi. Katta gapirish emas-u, “Ajal jodusi”da qo`limdan kelmagan joylari bo`lmadi, biroq otasi o`ladigan va dafn etiladigan joylarida qiynalgan joylarim bo`ldi.
—Dadangizdan boshqa, yana qaysi rejissyorning filmida o`ynashni orzu qilasiz?
(Uzoq o`ylandi)...
—Unda variantlar aytaman siz birortasini tanlab olasiz…
—Agar siz aytgan variantlar orasida bo`lsa aytaman, bo`lmasa yo`q.
—Rustam Sa`diev, Yolqin To`ychiev, Ayub Shahobiddinov, Javlon Shodmonov, Jahongir Ahmedov, Sanjar Shodiev?
—Nomi sir bo`lib qolaversin. Ammo men filmlarida rol o`ynashni xohlaydigan rejissyor ular orasida bor.
—Sizni filmga taklif qilishdi. Taklifning moddiy tomoniga qanchalik ahamiyat berasiz?
—To`g`risini aytsam, kino san`atida shu sohaga umrini bag`ishlayman, degan odamni filmning moddiy tomoni umuman qiziqtirmasligi kerak. Menga ham filmning moddiy tomoni qiziq emas. Muhimi film ssenariysi va rejissyori.
—Samimiy suxbat uchun rahmat.
Shohruh Nasimov haqida...
- 1991 yil 16 fevral kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida tavallud topgan.
- Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti qoshidagi Sharqshunoslik akademik liseyining xitoy va ingliz tili yo`nalishini tamomlagan.
- 2015 yilda O`zbekiston Davlat madaniyat va san`at institutining drama va kino aktyorligi fakultetini tugatgan.
Ma`lumot uchun: "Ajal jodusi" filmida rejissyor Hilol Nasimovning ikki o`g`li rol ijro etgan. To`ng`ich o`g`il rolida Shoxruh, kichigi esa Fotih Nasimovlardir.
Feruz MUHAMMAD Darakchi.uz uchun maxsus