1

“Biz islohotlar tarafdorimiz” - 200ga yaqin kinoijodkorlar soha vakillariga murojaat bilan chiqishdi

Jamiyat 05.11.2020, 16:01
“Biz islohotlar tarafdorimiz” - 200ga yaqin kinoijodkorlar soha vakillariga murojaat bilan chiqishdi

200ga yaqin kinoijodkorlar, san`at arboblari, rejisser va akterlar hamda kinoshunos olimlar O`zbekiston kino sohasi vakillari kino sohasidagi islohotlarni qo`llab quvvatlab, kinojamiyati a`zolariga murojaat bilan chiqishdi. Ular sohada so`nggi yillar olib borilayotgan ijobiy o`zgarishlarga yuqori baho berib, kinoijodkorlarni birlashishga chaqirishgan.

Murojaatga imzo chekkanlar qatorida Erkin Komilov, Mukambar Raximova, Elyor Ishmuxamedov, Baxtiyor Ixtiyorov, Lutfulla Sadullaev, Turg`un Azizov, Tesha Mo`minov, Ubaydullo Omon, Malika Axmedova, Mirza Azizov, Naima Po`latova, Gavhar Zokirova kabi Xalq artistlari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, san`at va madaniyat arboblari - Qamara Kamalova, Abdurahim Ismoilov, Jo`ra Teshaboev, Rajab Adashev, Gulchehra Sadullaeva, Saida Rametova, Baxtiyor Nazarov, Aliaskar Fatxullin, Isamat Ergashev, Sobir Nazarmuhammedov, Mashrabjon Kimsanov, Hamidulla Hasanov, Sanjar Babaev, Dilorom Safaeva, Berdiulova Muyassarxon, Asadillo Nabievlar  mavjud. Ro`yxatda shuningdek, Rossiya federasiyasida xizmat ko`rsatgan o`zbekistonlik san`at arbobi Odelsha Agishev, Xalq rassomi Baxodir Jalolov, aktrisalar - Dilnoza Kubaeva, Shoira G`iyosova, Adolat Kimsanova,  san`atshunoslik fanlari doktorlari, kinoshunoslar - Nigora Karimova, akademik Nigora Axmedova, Anvar Ismoilov, Falsafa fanlari nomzodi A`lo Xodjaev, To`ychi Axmedov, rejisserlar - Ali Xamraev, Baxodir Yuldashev, Rashid Malikov, Rustam Sagdiev, Jasur Isxakov, Hilol Nasimov, Akbar Bekturdiev, Furqat Fayziev, Ibroxim Rasulov, Zebo Navro`zova, Muxammadali Iskandarov, hamda yana ko`plab taniqli ssenaristlar, operatorlar, dramaturglar, san`atshunos olimlar, fan doktorlari, akademiklar, akter va aktrisalar ham bor.

Kinoarboblar sohadagi huquqiy baza, ta`lim darajasi, moddiy-texnik baza, ijara imkoniyatlari pastligi, raqobatning sustligi, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish muammolari kabi sohada o`n yillar davomida yig`ilib qolgan kamchiliklarni tilga olib, sohani tubdan takomillashtirish bo`yicha qonunchilik tashabbusi  uchun Prezidentga minnatdorchilik bildirishgan:

“Biz O`zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevga kinematografiya sohasi faoliyatini tubdan yaxshilashga yo`naltirilgan 2020—2030 yillarda kinematografiyani rivojlantirish Konsepsiyasini, shuningdek «Kinematografiya to`g`risida»gi Qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusi uchun o`z minnatdorligimizni bildiramiz. Qizg`in jamoatchilik muhokamalarida qayta-qayta muhokama qilinayotgan tizimni shakllantiruvchi ushbu  hujjatlar kinoijodkorlarga daxldor qator muhim muammolarni bosqichma-bosqich hal qilish imkonini berishiga ishonchimiz komil”.

Shuningdek, ijodkorlar sohadagi ayrim tushunmovchiliklarga izoh berib, kinoijodkorlarni birlashishga chorlab, bahslarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda emas “O`zbekkino” devorlari ichida olib borishga chaqirishgan:

“Barcha ilg`or kinoijodkorlar bugungi kunda oddiy haqiqatni o`zlashtirishlari juda zarur — bugungi kunda so`nggi yillarda o`zbek kinosi uzra soya solgan tarqoqlik emas, balki birlashish, bir yoqadan bosh chiqarish har qachongidan ham muhim. So`nggi 30 yilning ayanchli tarixida biz g`alayonlar, haqoratlar va fitnalar tanazzul va vayronagarchilikka olib kelishiga guvoh bo`ldik. Biz bahs va tanqidlar ijtimoiy tarmoqlar va OAV maydonida ayblovlar va haqoratlar ko`rinishida emas,  balki «O`zbekkino» devorlari ichida konstruktiv muloqot doirasida muhokama qilinishi kerak, deb hisoblaymiz.

“Biz — islohotlar tarafdorimiz — bugungi kunda kinematografchilarning shiori, o`zbek kinosining asosiy g`oyasi shunday!” – deya murojaat yakunlangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1