Prezident raisligida o`tayotgan videoselektor yig`ilishida tibbiyotning birlamchi bo`g`inidagi muammolar tahlil qilinmoqda.
2019 yilgi o`lim holatlarining 60 foizi shu bo`g`inda oldini olish mumkin bo`lgan yurak-qon tomir kasalliklari hisobiga to`g`ri kelgan. Onkologiya yo`nalishidagi bemorlarning yarmida kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga o`tib bo`lganidan keyin aniqlanmoqda.
– Endi vazirlik faoliyatiga, uning kadrlar masalasiga hech kim aralashmaydi. Bosh shifokorlar, vrach yoki boshqa tibbiyot xodimlari ularga tegishli bo`lmagan birorta qo`shimcha ishlarga jalb qilinmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qo`yish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qo`yish va yo`llanma berish, shuningdek, reabilitasiya, dispanserizasiya va profilaktika bo`yicha juda ko`p vazifalar yuklatilgan.
Shu bois davlatimiz rahbari qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va o`rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to`liq qayta ko`rib chiqish zarurligini aytdi.
Ilg`or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilandi. Ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo`yicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar o`zlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil diagnostika vositalari bilan ta`minlanadi.
5 yoshgacha bo`lgan bolalar, homilador, tug`ish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shasxlar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari o`tkaziladi. Kasallikka moyil bo`lganlar individual patronajga olinadi.






