Videoselektor yig`ilishida har bir hudud o`z xususiyatlari, kasalliklarning tarkibiga qarab, xususiy sektorni jalb qilgan holda davolash muassasalarini tashkil etishi belgilandi.
Misol uchun, har yuz ming kishiga:
Farg`ona va Sirdaryoda nafas yo`llari,
Qashqadaryoda endokrin,
Toshkent shahrida oshqozon-ichak,
Andijonda yurak qon-tomir,
Qoraqalpog`iston va Xorazmda buyrak kasalliklari eng ko`p qayd etilgan.
Viloyat hokimlariga Andijonda – kardiologiya, Buxoro va Navoiyda – oshqozon-ichak, Jizzax va Sirdaryoda – nafas yo`llari, Qashqadaryo va Farg`onada – endokrin, Samarqandda – gepatologiya, Namangan va Surxondaryoda – asab va qon aylanishi tizimi, Qoraqalpog`iston va Xorazmda – buyrak, Toshkent viloyatida – oftalmologiya, Toshkent shahrida – onkologiya kasalliklari bo`yicha ilg`or xorijiy klinikalar filiallarini tashkil etish vazifasi qo`yildi.
Bunda joylardagi bo`sh turgan kollej va liseylarning binolaridan samarali foydalanishi zarurligi ta`kidlandi.
Har bir viloyat hokimi kelgusi yil 1 iyunga qadar o`z hududida tashkil etilgan ixtisoslashgan xorijiy klinikalar faoliyati bo`yicha shaxsan Prezidentga axborot beradi.
Shuningdek, Sirdaryoda taklif etilayotgan tizim asosida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalariga ajratilayotgan mablag`lar doirasida, zaruriyatga qarab tor doiradagi mutaxassis shtatlarini mustaqil belgilash vakolati beriladi.
Ixtisoslashgan respublika tibbiyot markazlarini hududiy tibbiyot muassasalari bilan bog`lash lozimligi ko`rsatildi.
Markazlardagi murakkab jarrohlik amaliyotlari, yangi diagnostika va davolash uslublari viloyat, tuman va shahar shifoxonalariga translyasiya qilinadi.






