Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 avgustdagi «Bo`stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmonida Bosh prokuratura tizimida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda erlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo`yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etilishi ko`rsatib o`tilgan edi.
Mazkur huquqiy hujjatga asosan Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tashkil etildi. Yangi ixtisoslashtirtilgan prokuratura 10 ta boshqaruv xodimlaridan iborat bo`lib, ular Toshkent viloyati prokuraturasi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantirildi.
Toshkent viloyati prokurori katta yordamchisi Arslonbek Toshpo`latovning ma`lum qilishicha, yangi tuzilma (bir nafar prokuror o`rinbosarligi vakant ekanini istisno qilganda) to`la tarkib bilan ish boshladi.
Shu paytgacha Toshkent viloyati prokuraturasi bo`lim boshlig`i o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan Farrux Boborahimov Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokurori etib tayinlangan.