Bosh prokuraturada Bosh prokuror N.Yo`ldoshev raisligida o`tayotgan yig`ilishda Bank tizimida mablag`larni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini ko`rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste`molchilik holatlari tanqid ostiga olindi.
O`tgan 2 yil mobaynida banklarning 166 nafar mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.
Masalan, Xalq banki va Mikrokreditbankda boshqaruv raisi lavozimlarida ishlab kelgan E. o`z mansabidan foydalanib, qator korrupsiyaviy jinoyatlarga qo`l urgan.
Xususan, muqaddam qator jinoyatlarni sodir etib, AQShda yashirinib yurgan X. bilan til biriktirib, Sirdaryo viloyatida 4 ta soxta firma tashkil qilgan. Bu firmalarni amalda boshqarish uchun 18 nafar shaxslardan iborat uyushgan guruh faoliyatini yo`lga qo`yishgan.
Uyushgan guruh 2019 yil so`nggi 9 oyida qariyb 732 mlrd. so`mni
qonunga xilof tarzda naqdlashtirib, 7 mlrd. so`mga yaqin byudjet mablag`ini talon-toroj qilgan. 215 mlrd. so`m turli plastik kartalarga moliyaviy yordam ko`rinishida o`tkazilib, 22,5 mln. dollar naqd pulga aylantirilib, xorijga olib chiqib ketilgan.
Uyushgan guruh rahnamolik qilgan firmalar 101 mlrd. so`m soliq to`lovlaridan ham bo`yin tovlagan.
Bundan tashqari, E. Xalq banki boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangach, bank binosi qurilishini olib borayotgan pudratchilarni o`ziga tanish pudratchilarga almashtirib, ob`ekt qurilishida 5,5 mlrd. so`mlikbank mablag`ini talon-toroj qilgan.
“Mikrokreditbank”ka rahbar etib tayinlanganda esa, o`z rahnamoligidagi firmalar orqali birgina xizmat kabineti uchun 100 mln. so`mlik mebel jihozlarini 273 mln. so`mga, bankning Sirdaryo filiali uchun 700 mln. so`mlik binoni 4 mlrd. 700 mln. so`mga sotib olib, mablag`larni o`margan.
Hozirda E. va uning jinoiy sheriklari qamoqqa olinib, sud oldida javob bermoqda.
Aholining iqtisodiy faolligini qo`llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga byudjet mablag`lari muhtojlarga etib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilinayotganligi ko`rsatib o`tildi.
Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida so`nggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim bo`lgan 1,7 mlrd. so`m imtiyozli kredit mablag`lari bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilingan.
Masalan, “Milliy bank”ning Shahrixon filiali rahbari R. va kassa mudiri D. 19 nafar fuqaro nomiga qalbaki hujjatlar tayyorlab, imtiyozli kredit mablag`laridan 378 mln. so`mini shaxsiy manfaatlari uchun o`zlashtirib yuborgan.
O`tgan ikki yilda mansab vakolatlarini suiiste`mol qilganligi uchun 31 nafar soliq xodimlari ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Masalan, Dang`ara tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari T. pul mablag`larini naqdlashtirish bilan shug`ullanuvchi jinoiy guruh tuzgan. Uyushgan guruh boshqa fuqarolar nomiga 22 ta soxta firmalarni ochib, ularga norasmiy rahbarlik qilib kelgan.
Ushbu firmalarda 268 mlrd. so`mlik noqonuniy pul aylanmalari amalga oshirilib, 19 mlrd. so`m soliq to`lovidan qochishga erishilgan, shuningdek jinoiy yo`l bilan topilgan 200 mln. so`m legallashtirilgan.
Hozirda Turg`unboev va uning 14 nafar jinoiy sheriklari sudda javob bermoqda.






