Germaniyaning nufuzli Robert Kox institutining tajribali mutaxassislaridan iborat tibbiy guruh koronavirusga qarshi kurashda yurtimiz shifokorlariga yaqindan ko`mak berish va o`zaro tajriba almashish maqsadida O`zbekistonda bo`lib turishibdi. Sog`liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi mutaxassislari ushbu delegasiya rahbari Gerald Ripbergerning yurtimizdagi pandemik vaziyat borasidagi fikrlari bilan qiziqishdi:
— O`zbekistonga kelgan birinchi delegasiyamiz ko`proq bu erdagi vaziyat bilan tanishishga e`tibor bergan bo`lsa, biz (ikkinchi delegasiya vakillari) tibbiyot tizimini boshqarish sohasida hamkorlik olib borish yo`nalishida aniq dasturlar bilan keldik.
Bir hafta davomida qator tibbiyot muassasalarida bo`ldik. Shuningdek, koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar faoliyati bilan ham tanishdik. Tibbiyot xodimlarining “COVID-19”ga qarshi kurash bo`yicha olib borayotgan ishlarini kuzatib, tahlil qilmoqdamiz.
Koronavirusga qarshi kurash choralariga davlat darajasida e`tibor berilishi, virusning tarqalishini birmuncha jilovlay olishga imkon berganiga guvoh bo`ldik. Infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash standartlari va protokolning oxirgi — ettinchi nashrini ham ko`zdan kechirdik. Ayrim jihatlarni inobatga olmaganda, Germaniyada “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolash protokolining oxirgi nashridan farq qilmaydi.
Ushbu kasallikni davolash bo`yicha yiqqan bir necha oylik tajribamizni bo`lishib biz birgalikda harakat qilishimiz juda muhim.
Shoshilinch tibbiy xizmat sohasi vakili sifatida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bilan tanishishga qiziqqanimda uning binosining konstruksiyasi, arxitekturasi, reanimasiya bo`limlarining tuzilishi Germaniyaning klinikalariga o`xshab ketishini sezdim. Surishtirsam, ushbu markaz nemis modeli bo`yicha qurilgan ekan. Bu erda ko`rsatilayotgan xizmat darajasi ham yuqori ekani bizni quvontirdi.
O`zbekistonlik hamkasblarimizga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan, reanimasiya bo`limlarida sun`iy nafas berish apparatida yotgan bemorlarning qon tahlillari natijalarini uch daqiqa davomida chiqarib beruvchi 5 dona mobil texnikani taqdim etdik. Bu uskuna yordamida shifokorlaringiz bemorlarga yanada tezkor tibbiy yordam bera oladilar, degan umiddamiz.






