Qorabog` nizosi hududiga boshqa mamlakatlardan emas, Rossiyadan tinchlikparvarlarning kiritilishi eng samaralisi bo`lishi mumkin. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Germaniyaning ARD telekanaliga bergan intervyusida ma`lum qildi, deb yozadi «RBK» ga tayanib "Daryo".
Mintaqaga boshqa mamlakatlardan tinchlikparvarlarni joylashtirish g`oyasi haqida gapirar ekan, bosh vazir bu holda «tilli muloqot, mintaqa va uning mentalitetiga oid o`ziga xosliklardan boshlanadigan» muammolar yuzaga kelishi mumkinligini aytdi.
Turkiyalik tinchlikparvarlarni kiritish imkoniyatiga kelganda, Pashinyan mamlakat «mintaqaga terrorchilar va yollanma jangchilarni olib kelishi»ni, shu sababli uning ishtirokidagi tinchlik jarayonini «tasavvur qilish qiyin»ligini ta`kidladi. Turkiya Qorabog` nizosida Ozarbayjonni qo`llab-quvvatlaydi, ammo nizo hududida turkiyalik yollanma jangchilar borligini ikkala taraf ham bir necha marta rad etgan. Nikol Pashinyan Qorabog`ga Rossiya tinchlikparvarlari kiritilishini avval ham yoqlab chiqqan va bu Tog`li Qorabog`dagi nizoning «optimal echimi»ga aylanishi mumkinligini aytgan edi. Kreml esa Rossiya Boku va Erevanning roziligi bilangina Qorabog`ga tinchlikparvarlarni yubora olishini ta`kidlagan edi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev, o`z navbatida, mamlakat xalqaro kuzatuvchilar kiritilishini rad etmasligini, ammo qaror qabul qilish Boku tomonida qolishi kerakligini qayd etgandi. |
08.11.2020 13:56