“Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masalada ayrim tushunmovchiliklar bo`layotgani sababli, masalaga biroz oydinlik kiritishga ehtiyoj tug`ildi”, - deyiladi “Huquqiy axborot” telegram kanalida.
O`zini o`zi band qilgan shaxslar daromad solig`i to`lamaydi, ijtimoiy soliqni esa pensiya olish uchun ish stajiga ehtiyoj sezsagina to`laydi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat migrasiyasi yo`li bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish o`zini o`zi band qilgan shaxslar shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlariga tenglashtiriladi.
Ularga o`zini o`zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni to`lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo`llaniladi.
Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq o`zini o`zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardanolinadigan daromad solig`idan ozod etiladi.
O`zini o`zi band qilgan shaxslar o`ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo`lishi uchun Pensiya jamg`armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to`lashi mumkin, bu 2020 yil uchun kamida BHMning 50 foizi hajmida (111 ming 500 so`m) belgilangan.
Agar chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar O`zbekistonda pensiya va ish stajiga ehtiyoj sezmasa, unda Pensiya jamg`armasiga ijtimoiy soliq to`lashning hojati yo`q.
Ko`rinib turibdiki, mehnat migrantlarining o`zini o`zi band qilgan shaxsga tenglashtirilishi ularni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga qaratilgan.






