AsosiyJamiyat

O`zbekiston avtomobil bozorida xaridorlarga qo`yilgan ayovsiz shartlarni Rasul Kusherbaev monopolistik o`zboshimchalik deya atamoqda

'O`zbekiston avtomobil bozorida xaridorlarga qo`yilgan ayovsiz shartlarni Rasul Kusherbaev monopolistik o`zboshimchalik deya atamoqda'ning rasmi

Hozirda avtomashina xarid qilishda joriy etilgan dastlabki to`lov summasi va shu bilan bog`liq tartiblar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalar bo`lib o`tmoqda. Bunday tartiblarning joriy etilishida deputatlar ham o`z fikr-mulohazalarini bildiryapti. Jumladan, O`zbekiston avtomobil bozorida xaridorlarga qo`yilgan ayovsiz shartlarni Rasul Kusherbaev monopolistik o`zboshimchalik deya atamoqda va quyidagicha izohlamoqda.

"Hamma biladiki, Uzavtomotors AJ dilerlari bilan avtomashina sotib olishda shartnoma qiymatining kamida 85%ini oldindan to`lash talablari ko`rsatilgan.

Monopolistning iste`molchiga diktovkasi shu qadar kuchliki, hech kim nega 85% oldindan to`lov qilishim kerak o`zi deb so`rab ham o`tirmaydi.

Mashina puli to`langach, minib ketilsa-ku, mayli, lekin puli to`langach, oylab mashina chiqishini kutsang ham 85% pul to`lash qaysi aqlga sig`adi?

Amaldagi qonunchilikka ko`ra, shartnoma shartlari kuchga kirishi uchun 15% oldindan to`lov kifoya. Bu me`yorlar bundan 25 yil avvalgi farmonda(https://lex.uz/docs/181809) belgilab qo`yilgan.

Aytishingiz mumkin, farmonda oldindan to`lovning eng kam miqdori 15% etib ko`rsatilgan. Demak 50% ham, 85% ham, hatto 100% ham mumkin deb. Ha, shunday, lekin qonunga ko`ra bu tomonlarning o`zaro kelishuviga ko`ra belgilanadi.  

Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi Qonunga ko`ra Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to`lash shakli hamda tartibi iste`molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o`rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tomonlar o`rtasida shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar to`g`risida kelishuvga erishilsa, iste`molchi bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) o`rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Lekin Siz Uzavtomotors AJ bilan 15% oldindan to`lov shartlarida avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzishga urinib ko`ring. Qonun bo`yicha bunga haqli bo`lsangiz ham aslo buning iloji yo`q, chunki ular monopolist diktovkasi bilan tuzilgan shartnomaning bitta harfini ham o`zgartirishmaydi. Nega? Chunki u monopolist.  

Endi siz masalan, mebel sotuvchi bilan shartnoma tuzing, shartnomaning har bir bandini sotuvchi bilan muhokama qilib, o`zaro kelishuv asosida belgilaysiz, bemalol 15% oldindan to`lov bilan mebel buyurtma qila olasiz. Chunki sizda mebel olishda tanlov bor.

Shunga shunchami, deysizmi? 85% oldindan to`lov bu Uzavtomotors AJ uchun tekin kredit, siz uchun esa ortiqcha to`lov aslida.

Masalan, o`tgan haftada 2021 yil iyun oyida avtomashina chiqarish shartlarida (!) Labo avtomashinasi sotib olish uchun shartnoma tuzishi mumkin edi (hozir salonlarda Laboga shartnoma qolmagan).

Ya`ni, 85% to`lov qilgan xaridor Laboni 8 oy kutadi (yana +30 kun ham qo`shilgan). 76 million so`mlik Laboning 85%i 65 mln.so`m bo`ladi. Vaholanki, xaridor Labo olishga shartnoma tuzish uchun 65 mln.so`m emas, 11 mln.so`m to`lashga to`la haqli. Yo`q, Uzavtomotors AJ monopol shartlarini tiqishtirib, bunga aslo rozi  bo`lmaydi. Natijada xaridorning 54 mln.so`m puli 8 oyga muzlaydi, Agar shu pulni xaridor eng past stavka yillik 14% ustama bilan bank depozitida 8 oy  saqlasa, kamida 5 mln.so`m qo`shimcha daromadga ega bo`lgan bo`lardi. Bu degani o`sha 76 mln.so`mlik Labo xaridorga, 76 mln.so`m emas, kamida 81 mln.so`mga tushayapti degani.

Xaridordan oldindan 85%lik to`lov olgan Uzavtomotors AJ nima qiladi, avvalo o`zining puliga emas, xaridorning puliga avtomashina ishlab chiqaradi, yana banklardagi depozitlarda bir necha oy  saqlash evaziga daromad ham ko`radi.  

Darvoqe, Monopoliyaga qarshi kurash qo`mitasi Uzavtomotors AJ avtomashinalari tannarxini hisoblaganida xaridorlardan 85%lik to`lov hisobiga yig`ilgan mablag`larni monopolistning bank depozitlariga joylashtirishdan olingan milliardlab daromadlarni inobatga olganmikan?

Ma`lumot uchun: Uzavtomotors AJ (DjiEm O`zbekiston AJ) 2011 yilga qadar ham 15% oldindan to`lov shartlarida shartnomalar tuzib kelgan.

Deputat sifatida Monopoliyaga qarshi kurash qo`mitasidan Uzavtomotors AJ dilerlaridan avtomashina sotib olishda 85%lik oldindan to`lov majburiyati amaldagi qonunchiligimizga muvofiqligi masalasini ham alohida o`rganib chiqishni so`rab qolaman. Uzavtomotors AJ esa oldindan 85% to`lov evaziga shakllangan milliardlab bepul mablag`lar hisobidan ega bo`layotgan qo`shimcha daromadlari qay yo`nalishda sarflanayotganini ochiqlasa, yomon bo`lmasdi, deya post qoldirgan Rasul Kusherbaev.

    Boshqa yangiliklar